1

Aleksandr Lukashenko Shavkat Mirziyoevni Belarusga taklif etdi

Siyosat 13.09.2018, 12:13
Aleksandr Lukashenko Shavkat Mirziyoevni Belarusga taklif etdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko 12 sentyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Tashrif doirasidagi asosiy tadbirlar 13 sentyabr kuni Ko`ksaroyda rasmiy kutib olish marosimi bilan boshlandi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko`ra, Shavkat Mirziyoev va Aleksandr Lukashenko avval tor doirada muzokara o`tkazdi.

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, O`zbekiston bilan Belarus samimiy do`st va ishonchli sherik ekanini ta`kidladi.

– 2016 yil Samarqanddagi uchrashuvimizda davlatlararo munosabatlarni har tomonlama mustahkamlashga kelishib olgandik. O`tgan ikki yilda mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik xalqlarimizni quvontiradigan darajaga etdi. O`zaro tovar ayriboshlash hajmi 2017 yil yakunlari bo`yicha 60 foizdan ziyod o`sdi. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida esa qariyb 4 barobar oshdi. Bunday natijalar hech qachon bo`lmagan. Bu o`zaro hamkorlik uchun ulkan salohiyat borligidan, odamlarimiz bir-birini sog`inganidan dalolat beradi. Mamlakatlarimiz iqtisodiyoti bir-birini to`ldiradi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Belarus Prezidenti taklif uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

– Sizning rahbarligingizda O`zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovor, – dedi Aleksandr Lukashenko. – Ham ichki, ham tashqi siyosatda oqilona o`zgarishlar qildingiz. 33 million aholiga ega gigant mamlakatni to`g`ri yo`ldan olib boryapsiz. Qo`shni davlatlar bilan munosabatlarni mustahkamladingiz. Ushbu muvaffaqiyatli siyosiy kurs bilan Sizni tabriklayman. Biz yaxshi bilgan va o`zaro manfaatli bo`lgan barcha sohalarda hamkorlik qilishga, tajriba almashishga tayyormiz.

Muzokarada O`zbekiston bilan Belarus o`rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikka doir keng ko`lamli masalalar muhokama qilindi. O`zbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi o`rtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlashga, o`zaro manfaatli sohalardagi aloqalarni izchil rivojlantirishga kelishib olindi.

Xalqaro va mintaqaviy jarayonlar yuzasidan fikr almashilar ekan, bugungi kundagi dolzarb masalalar bo`yicha tomonlarning pozisiyasi mos kelishi tasdiqlandi. Davlat rahbarlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qo`llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Aleksandr Lukashenko Shavkat Mirziyoevni o`zi uchun qulay vaqtda Belarusga tashrif bilan borishga taklif etdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1