Samarali muzokaralardan so`ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo`ldi. Bu haqda O`zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko tomonidan Qo`shma bayonot imzolandi.
Tashrif doirasida sheriklikning ustuvor yo`nalishlari bo`yicha 19 hujjat imzolandi. 2019-2023 yillarda sosial-iqtisodiy hamkorlik to`g`risidagi hukumatlararo shartnoma va uni amalga oshirish dasturi ular orasida alohida ahamiyatga egadir.
Bundan tashqari, kuni kecha o`tgan biznes-forumda umumiy qiymati 230 million dollardan ortiq bo`lgan shartnoma va bitimlar imzolangani ta`kidlandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o`tkazilgan brifingda davlat rahbarlari muzokaralar ochiq va ishonch ruhida o`tgani, natijalar shunga yarasha mustahkam va keng ko`lamli bo`lishini qayd etdi.

Tashrif davomidagi muhokamalar O`zbekiston va Belarusning ko`p qirrali sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga intilishini tasdiqladi. Bu o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga kuchli sur`at bag`ishlab, uni sifat jihatidan yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqadi, dedi davlatimiz rahbari.
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning rasmiy tashrifi davom etmoqda.