1

ShHTga a`zo davlatlar temir yo`l kompaniyalari rahbarlarining I uchrashuvi bo`lib o`tdi

Siyosat 19.09.2018, 16:27
ShHTga a`zo davlatlar temir yo`l kompaniyalari rahbarlarining I uchrashuvi bo`lib o`tdi

2018 yil 19 sentyabr kuni Toshkentda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yil iyun oyida Xitoyning Sindao shahrida bo`lib o`tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar rahbarlarining uchrashuvidagi tashabbusi bilan ShHTga a`zo davlatlar temir yo`llari ma`muriyati rahbarlarining birinchi uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Unda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar vakillari – Hindiston Respublikasi Temir yo`llar vazirligining Temir yo`llar kengashi a`zosi Girish Pillay, Qozog`iston Respublikasi “Temir yo`llar” Milliy kompaniyasi boshqaruvi raisi Kanat Alpisbaev, Qirg`iziston Respublikasi “Temir yo`llari” Milliy kompaniyasi davlat korxonasi bosh direktori o`rinbosari Ruslan Bektemirov, Xitoy Xalq Respublikasi temir yo`llari davlat boshqaruvi boshlig`ining o`rinbosari Lyu Kesyan, Pokiston Islom Respublikasi “Pokiston temir yo`llari” raisi Muhammad Javad Anvar, Rossiya Federasiyasi temir yo`llari ochiq aksiyadorlik jamiyati bosh direktori – boshqaruv raisi Oleg Belozerov, Tojikiston Respublikasi “Tojikiston temir yo`llari” davlat unitar korxonasi boshlig`i Komil Mirzoali ishtirok etdi.

Shuningdek, majlisda ShHTda kuzatuvchi davlatlar – Afg`oniston, Belarus va Mongoliya temir yo`llari rahbar va mutasaddilari, ShHT muloqot bo`yicha hamkori Ozarbayjon Respublikasi temir yo`llari raisi, ShHT Bosh kotibi o`rinbosari Se Syaoyun qatnashdi.

Ma`lumki, O`zbekiston Markaziy Osiyoda har tomonlama strategik xududdir. Ushbu maskan Buyuk Ipak Yo`lining eng muhim bo`g`ini bo`lib, bugungi kunga kelib, ushbu diyor Shimol va Evro-Osiyo qit`asini bog`laydigan asosiy transport yo`lagi hisoblanadi. Shu bois tashkil etilgan xalqaro anjuman ham o`ziga xos ramziy ma`noga ega.

ShHTga a`zo davlatlarning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishi transport-kommunikasiya kompleksining taraqqiyotiga bog`liq. Xususan, temir yo`l transporti davlatlararo tovar ayriboshlash, import-eksport tashuvlar, ayniqsa, dengiz yo`llariga to`g`ridan-to`g`ri chiqolmagan va asosan yuklarni quruqlikda tashishga ixtisoslashgan mamlakatlar uchun muhim o`rin tutadi.

Ushbu uchrashuvda transport xizmatlari bozorini kengaytirish, temir yo`l sohasi imkoniyatlarini shakllantirish, bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish, tarif siyosati bo`yicha muzokalar olib borildi. Shuningdek, ShHTga a`zo davlatlar hududida yangi iqtisodiy xalqaro koridorlarni yaratish, dengiz portlariga chiqish imkoniyatlari xususida ham so`z yuritildi.

Logistik markazlar tizimini yaratish va undan keng foydalanish, ShHTga a`zo davlatlar eksport va import yuklarini jahon bozorlariga olib chiqish jarayonida ko`rsatilayotgan xizmatlarni yaxshilash masalalari ko`rib chiqildi. Tadbirda temir yo`l transporti infratuzilmasida xorijiy investisiyalarni jalb qilish, xalqaro moliya tizimlari ishtirokida yangi temir yo`l transport koridorlarini yaratish, yuk tashish imkoniyatlarini oshiradigan, muhimi, dengiz portlariga chiqishni ta`minlaydigan yangi loyihalarni ishga tushirish masalasi ham muhokama qilindi.

Ma`lumot o`rnida shuni aytish mumkinki, yurtimizda mavjud temir yo`lning umumiy uzunligi 7000 kilometrdan ortiqni tashkil etadi. Yuklarning 60% temir yo`l transportida tashiladi. Mustaqillik yillarida 2500 kilometr temir yo`l qurildi, 2600 kilometrdan ortiq temir yo`l elektrlashtirildi. 30 dan ortiq vokzallar zamon talbalari darajasida qurildi va rekonstruksiya qilindi.

Xususan, umumiy uzunligi 341 kilometr bo`lgan “Navoi-Uchkuduk-Sultanuvaystog`-Nukus”, uzunligi 223 kilometrni tashkil qiladigan “Toshguzar-Boysun-Qumqo`rg`on”, 19,2 kilometr Qamchiq tunnelini o`z ichiga olgan uzunligi 123,1 kilometrni tashkil etuvchi Angren–Pop loyihalarining hayotga tadbiq etilishi ushbu xududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim o`rin tutadi. Amalga oshirilgan bunday bunyodkorliklar natijasida mamlakatimizda yagona temir yo`l tizimi yaratildi. Markaziy Osiyoda yagona bo`lgan yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poezdi dastlab Toshkentdan Samarkandgacha qatnovni amalga oshirgan bo`lsa, endilikda Buxoro, Qarshi va Shahrisabz shaharlarigacha xizmat ko`rsatmoqda.

“O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyatiga Xitoy va Rossiya davlatlari bilan hamkorlik natijasida 44 yuk tashuvchi elektrovoz, 215 ta tezyurar elektrovoz va 10 dona yo`lovchi tashishga mo`ljallangan teplovoz sotib olingan. Tadbir davomida ishtirokchi davlat vakillariga shular haqida keng ma`lumotlar berildi.

Joriy yilda «O`zbekiston temir yo`llari» AJ O`zbekiston hududi orqali ayrim yuklarni tashish uchun Tojikiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkmaniston, Rossiya Federasiyasi uchun turli imtiyozlar va preferensiyalar taqdim qildi.

20-21 sentyabr kunlari bo`lib o`tadigan xalqaro konferensiya yakunida sohaga oid hujjatlar imzolanadi. Mazkur hujjatlar transport infrastrukturasining rivojlanishini ijobiy shakllanishiga, yo`l qurilishi va transport-logistik markazlar yaratilishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1