AsosiySport

Mirjalol Qosimov O`zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi

'Mirjalol Qosimov O`zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi'ning rasmi

Xabaringiz bor, O`zbekiston olimpiya terma jamoasi oldiga 2020 yilda Tokioda bo`lib o`tadigan Olimpiadaga yo`llanma olish vazifasi qo`yilgan bo`lib, bu yuksak mas`uliyatli vazifani amalga oshirish uchun murabbiylar shtabidan etuk mahorat va katta tajriba talab etiladi.

Ana shuni inobatga olgan holda, O`zbekiston futbol assosiasiyasi 1-vise-prezidenti Umid Ahmadjonov tomonidan Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyligiga bir qator nomzodlar ko`rib chiqildi.

Yakunda O`zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyligiga o`zbek futboli afsonasi, ayni paytda “Bunyodkor” klubini boshqarayotgan Mirjalol Qosimov nomzodida to`xtalindi. Bu haqida O`FA xabar bermoqda.

Umid Ahmadjonov Mirjalol Qosimov bilan bu mavzuda shaxsan suhbatlashib, O`zbekiston Olimpiya terma jamoasi oldida jiddiy va mas`uliyatli vazifa turganligi, O`zbekistondagi barcha futbol muxlislari terma jamoamizni Olimpiadada ko`rishni intiqib kutayotganini, ularning ishonchini oqlash uchun barcha kuch va mahoratni sarflash, tinimsiz mehnat qilish zarurligini ta`kidlab o`tdi. Shuningdek, Olimpiya terma jamoasiga futbolchilarni saralab olishda xolis bo`lish, faqat eng munosiblarini tanlab olish kerakligi borasida ham so`z yuritildi.

O`z o`rnida Mirjalol Qosimov ham zimmasiga yuklanayotgan vazifaning mas`uliyatini to`liq his qilayotganini ta`kidlab, O`zbekiston olimpiya terma jamoasini Tokio-2020 ga olib borish uchun qo`lidan kelgan barcha ishni amalaga oshirishga va`da berib o`tdi.

Mirjalol Qosimov endilikda Olimpiya terma jamoasi tarkibini shakllantirish ishlarini olib boradi. Shuningdek, terma jamoaga nomzod futbolchilarni saralab borish, ularni yaxlit bir jamoaga aylantirish, raqobatbardosh, kuchli jamoa yaratish ishlari bilan shug`ullanadi. O`z o`rnida O`zbekiston futbol assosiasiyasi tomonidan Olimpiya terma jamoasi uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratilib, turli yig`inlar va kuchli terma jamoalar bilan o`rtoqlik o`yinlari tashkil qilib boriladi.

Terma jamoamizni Olimpiada o`yinlarida ko`rish xalqimizning, muxlislarimizning azaliy orzusi hisoblanadi. Umid qilib qolamizki, Mirjalol Qosimov boshchiligidagi futbolchilarimiz ana shu azaliy orzuni amalga oshirib, O`zbekiston olimpiya terma jamoasi 2020 yilda Tokioda bo`lib o`tadigan Olimpiadada ishtirok etadi.

    Boshqa yangiliklar