Mahalla raisi uxlab yotgan odamni o`ldirib, murdasini daryoga oqizib yubordi (video)

Jinoyat 01.10.2018, 10:18
Mahalla raisi uxlab yotgan odamni o`ldirib, murdasini daryoga oqizib yubordi (video)

Samarqand shahar IIBga 2017 yil 17 iyul kuni Samarqand shahar Uchquduq mahallasi hududidan oqib o`tuvchi Darg`om kanalidan shaxsi noma`lum erkak kishining jasadi topilgani haqida xabar qilishdi. Zudlik bilan tergov-surishtiruv guruhi voqea joyiga etib bordi. Sud tibbiy-ekspertizasi tayinlandi, deb yozmoqda O`zA.

35-40 yoshlardagi shaxsi noma`lum erkak murdasi chirish holatdaligi va suvda ko`p qolib ketganligi aniqlangan. Uning tanasi, peshona, chap qosh, ensa, tepa sohalari ezilgan, kalla-suyak sohalari singan. O`lim sababi deya boshiga berilgan jiddiy zarbalar tasdiqlandi.

Huquq-tartibot idoralarining kuch va vositalari ushbu jinoyatni ochishga safarbar etildi. IIB xodimlari, avvalo, marhumning shaxsini aniqlash, so`ngra uning o`limi sabablarini surishtirishga kirishdi. Ushbu jarayon davom etayotgan paytda Samarqand shahrida egasiz qoldirib ketilgan avtomashina topildi. Bu mudhish jinoyat kalavasining uchini topishga yordam berdi. 30 T 265 VA raqamli “Neksiya“ Urgut tumanidagi Beshkon mahallasida yashovchi Dilmurod Bobomurodovga tegishli ekani va u aynan Darg`om kanalidan topilgan marhum ekani ma`lum bo`ldi.

Tezkor qidiruv va surishtiruv ishlaridan jinoyat tafsilotlari va bu mudhish qotillikka qo`l urgan shaxslar aniqlandi. Voqea mashina topilgan Samarqand shahrida emas, Urgut tumanining Taroqli mahallasida sodir bo`lgan ekan.

“Taroqli“ mahalla fuqarolar yig`ini raisi O.Odilov shu mahallada yashovchi L.Do`sanovadan 2015 yilda 1000 dollar miqdorida qarz oladi. Ammo qarzni vaqtida qaytara olmaydi. Kunlarning birida L.Do`sanova mahalla raisiga qo`ng`iroq qilib, fuqaro D.Bobomurodov uni doimiy ravishda haqoratlab, xo`rlab kelayotganini aytadi. Shundan so`ng ikkovlon D.Bobomurodovdan o`ch olishni rejalashtiradi va bu ish amalga oshsa, L.Do`sanova mahalla raisining qarzidan voz kechishini bildiradi.

Ushbu shart O.Odilovga ham ma`qul tushadi va u L.Do`sanovaning xonadonida D.Bobomurodovning mastligidan foydalanib, uning boshiga bolta bilan urib, o`ldiradi. Jinoiy sheriklar – O.Odilov va L.Do`sanova jinoyat izini yashirish va muqarrar jazodan qutulib qolish maqsadida D.Bobomurodovning jasadini ko`rpacha va gilamga o`ragan holda marhumga tegishli bo`lgan “Neksiya“ning yukxonasiga ortadi. So`ngra jasadni Tayloq tumanining Davlatobod qishlog`idan oqib o`tuvchi Darg`om kanaliga tashlab yuboradi. Ertasi kuni esa mashinani Samarqand shahriga olib borib, o`sha erda qoldirib kelishadi.

2017 yilning iyul oyi boshlarida sodir bo`lgan mazkur jinoyat uning ijrochilari o`ylaganidek izsiz ketmadi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand viloyat sudining hukmiga ko`ra L. Do`sanova va O. Odilov turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1