11 oktyabr kuni Toshkentda Red Bull Doodle Art − eng yaxshi talabalik chizma (doodle)lari xalqaro tanlovining Milliy ko`rgazmasi bo`lib o`tdi. Finalchilarining ishlari tanlov saytida berilgan, deya xabar bermoqda Daryo.uz.
Ma`ruzalar vaqtida talabalar chizib o`tiradigan rasmlar ba`zida shedevr darajasiga chiqsa ham, odatda e`tiborsiz qolib ketadi. Lekin bir necha yil oldin tashkil etilgan aynan shunday rasmlarning tanlovi O`zbekistonga ham etib keldi.
2014 yilgi tanlovda 40 dan ortiq mamalakatdan 40 mingga yaqin talaba qatnashdi, jumladan, O`zbekiston vakillari ham ilk marta ushbu tanlov ishtirokchilariga aylandi.
Tanlov yakunlariga ko`ra O`zbekistonning eng yaxshi chizmasi deb Toshkent davlat texnika universiteti talabasi Veronika Ageevaning ishi topildi. Tanlovning O`zbekistondagi g`olibining ishi ham 2014 yil 24−26 oktyabr kunlari Keyptaunda o`tkaziladigan ko`rgazmaga jo`natiladi.





