1

Shavkat Mirziyoev MDH davlatlari mudofaa idoralari rahbarlari bilan uchrashdi

Siyosat 12.10.2018, 15:50
Shavkat Mirziyoev MDH davlatlari mudofaa idoralari rahbarlari bilan uchrashdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 12 oktyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Mudofaa vazirlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan MDHga a`zo davlatlar mudofaa idoralari rahbarlarini qabul qildi, deb xabar berdi davlat rahbarining veb-sayti.

Uchrashuvda Ozarbayjon mudofaa vaziri Z.Gasanov, Armaniston mudofaa vaziri D.Tonoyan, Belarus mudofaa vaziri A.Ravkov, Qozog`iston mudofaa vaziri E.Ermekbaev, Rossiya mudofaa vaziri S.Shoygu, Tojikiston mudofaa vaziri Sh.Mirzo, Qirg`iziston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig`i R.Duyshenbiev va MDH Mudofaa vazirlari kengashi kotibi Yu.Dashkin ishtirok etdi.

Prezidentimiz delegasiyalar rahbarlarini qutlar ekan, MDH Mudofaa vazirlari kengashining majlisi ilk bor Toshkentda o`tkazilayotgani mamlakatimizning Hamdo`stlik faoliyatidagi ishtiroki yangi bosqichga ko`tarilganidan dalolat ekanini ta`kidladi.

O`tgan yilda O`zbekiston Hamdo`stlikning iqtisodiyot, energetika, fan va innovasiyalar, jinoyatchilikka qarshi kurashish kabi sohalarda hamkorlik bo`yicha 10 dan ortiq tarmoq organlariga qo`shildi.

Uchrashuvda MDH doirasida harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni, shu jumladan, idoralararo sheriklikni yanada kengaytirish, ikki va ko`p tomonlama tadbirlar o`tkazish, harbiy kadrlarni professional tayyorlash masalalari ko`rib chiqildi.

Xalqaro va mintaqaviy siyosatning, jumladan, xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlashning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

MDH mamlakatlari mudofaa idoralari rahbarlari O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, o`z davlat rahbarlarining salomi va ezgu tilaklarini etkazdi. O`zbekistonda Qurolli Kuchlarni modernizasiya qilish va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarga, shuningdek, mamlakatimizning mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta`minlashga doir tashabbuslariga yuksak baho berildi.

Mudofaa idoralari o`rtasida tomonlarni qiziqtirayotgan masalalar bo`yicha konstruktiv va o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari MDH Mudofaa vazirlari kengashi majlisi ishiga muvaffaqiyat va samarali natijalar tiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1