1

Toshkentda birinchi marta MDHga a`zo mamlakatlarning Mudofaa vazirlari kengashining yig`ilishi bo`lib o`tdi

Siyosat 13.10.2018, 10:27
Toshkentda birinchi marta MDHga a`zo mamlakatlarning Mudofaa vazirlari kengashining yig`ilishi bo`lib o`tdi

12 oktyabr kuni Toshkentdagi O`zbekiston xalqaro forumlar saroyida Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga a`zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kenashining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Rossiya Federasiyasi, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va O`zbekiston respublikalarining mudofaa idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

O`zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov o`z nutqida barcha yig`ilish ishtirokchilarini qutlab, global xavf va tahdidlar kuchaygan bir vaqtda Kengashning muhim ahamiyatga ega ekanligini o`z tasdig`ini topayotganini ta`kidlab, Kengash ko`p tomonlama harbiy hamkorlikning kengayishi uchun muhim platforma eganligiga ishonch bildirdi.

– MDHga a`zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashi o`z faoliyati davomida ko`p tomonlama harbiy hamkorlikni ta`minlovchi, harbiy siyosat va harbiy qurilish, harbiy mojarolarni bartaraf etishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqadigan amaliy organ sifatida shakllanib ulgurdi.

Bugungi uchrashuvimiz o`sib borayotgan geosiyosiy tanglik, tobora radikallashayotgan va kuchayib borayotgan diniy fanatizm, yaqin va uzoqdagi qo`shnilarimizda mojaroli vaziyatlar yuzaga kelayotgan bir vaqtda bo`lib o`tmoqda.

Hamdo`stlikka a`zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashining formati milliy va umumiy qarashlarni hisobga olgan holda o`zaro aloqalar diapazonini kengaytirish imkonini berishini inobatga olib, O`zbekiston mazkur kollektiv organi faoliyatida ishtirok etishga alohida e`tibor qaratmoqda, – dedi Abdusalom Azizov.

Yig`ilish davomida Markaziy Osiyodagi vaziyat, xalqaro terrorizmga qarshi kurashish yo`lidagi ustuvor vazifalar, Hamdo`stlikka a`zo mamlakatlar o`rtasida harbiy hamkorlikni rivojlantirish, radiasion, kimyoviy va bilogik vaziyatni baholash hamda nazorat qilishda Birlashgan tizimning istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, MDHga a`zo mamlakatlar qurolli kuchlari aviasiya parvozlari sohasida hamkorlik masalalari, Yagona davlat radiolokasion identifikasiya tizimini amalga oshirish, harbiy ta`lim sohasida harbiy bilim yurtlari kursantlari o`rtasida fan olimpiadalarini o`tkazish, Ikkinchi Jahon urushining 75 yilligiga bag`ishlangan qo`shma tadbirlarni hamkorlikda amalga oshirish masalalari ko`rib chiqildi.

Bundan tashqari kengash a`zolari Mudofaa vazirlari kenashining 2019 yil bo`yicha ish rejasini qabul qildi, MDHga a`zo mamlakatlar qurolli kuchlarining hamkorlikdagi (birlashgan) aloqa tizimini rivojlantirishga, 2022 yilga qadar qurolli kuchlar faoliyatining dasturiy ta`minoti, navigasiya, metrologiya, topografiya va geodeziya sohasida hamkorlikni tashkil etish, 2019 yil davomida MDHga a`zo davlatlar Havo hujumidan mudofaa va harbiy havo kuchlari qo`shinlari qo`mondonliklari o`rtasida qo`shma mashg`ulotlarni tashkil etishga yo`naltirilgan hujjatlar imzolandi.

Yig`ilishga Rossiya Federasiyasining mudofaa vaziri armiya generali S.Shoygu raislik qildi.

Ma`lumot uchun, MDHga a`zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashi 1992 yilda tashkil etilgan. Mazkur kengash tarkibidan Rossiya Federasiyasi, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va O`zbekiston Respublikasi vakillari o`rin egallagan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1