1

Ertaga Vladimir Putin O`zbekistonga davlat tashrifi bilan keladi

Siyosat 17.10.2018, 09:45
Ertaga Vladimir Putin O`zbekistonga davlat tashrifi bilan keladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan joriy yil 18 oktyabr kuni Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keladi. Bu haqda Prezidentning matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbarlari muntazamlik kasb etgan siyosiy muloqotning davomi sifatida O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlik holati yuzasidan fikr almashadilar. Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, o`zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, turli sohalarda yangi qo`shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Tashrif kun tartibidan dolzarb xalqaro masalalar, jumladan, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash, Afg`onistonda tinchlik o`rnatish jarayoniga ko`maklashish masalalari ham o`rin olgan.

Rossiya Federasiyasi Prezidentining O`zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida ilk bor Ta`lim forumi va «O`zbekiston-Rossiya» hududlararo hamkorlik forumi o`tkaziladi, shuningdek, mamlakatimizda atom elektr stansiyasi qurilishining boshlanishiga bag`ishlangan marosim ham o`tkaziladi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qo`shma bayonotini qabul qilish, 2019-2024 yillarga mo`ljallangan iqtisodiy hamkorlik dasturi, 2019-2021 yillarda madaniy-gumanitar sohada hamkorlik dasturi, O`zbekistonda Rossiyaning etakchi oliy ta`lim muassasalarining filiallarini tashkil etish va faoliyatini ta`minlash to`g`risidagi kelishuv, «Suffa» xalqaro radioastronomik observatoriyasini tashkil etish bo`yicha «Yo`l xaritasi» va boshqa muhim ikki tomonlama hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan.

Tashrif davomida, shuningdek, O`zbekiston bilan Rossiya hududlari va ishbilarmon doiralari o`rtasida yirik investisiya va savdo shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1