1

Vladimir Tyurdenev: Putinning tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida muhim voqeaga aylanadi

Siyosat 17.10.2018, 17:26
Vladimir Tyurdenev: Putinning tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida muhim voqeaga aylanadi

O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o`rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda yanada yuqori bosqichga ko`tarildi. "Xalq so`zi" muxbirlari hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlari hamda yirik investisiyaviy loyihalar haqida Rossiya Federasiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev bilan suhbatlashdi.

— Elchi janoblari, Rossiya va O`zbekiston o`rtasidagi munosabatlar sur`atini qanday baholaysiz, ular nimalarda namoyon bo`lmoqda?
— Rossiya — O`zbekiston munosabatlarining izchil rivojlanishiga mamlakatlarimiz rahbarlari Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoev o`rtasidagi o`zaro aloqalar va ishonchli muloqot katta turtki beryapti. Zero, ular turli xalqaro sammitlar doirasida uchrashuvlar o`tkazib, muhim masalalarda muntazam ravishda telefon orqali muloqot qilishmoqda.
Darhaqiqat, vazirliklar va idoralar yo`nalishlari bo`yicha ham hamkorlik faollashdi. Birgina 2018 yilning boshidan buyon Rossiyadan O`zbekistonga 30 dan ziyod delegasiyalar tashrif buyurgani buning tasdig`idir.

Mintaqalararo aloqalar ham jadal rivojlanyapti. Xususan, 2017-2018 yillarda Rossiya mintaqalari rahbariyatlari darajasida, jumladan, Checheniston Respublikasi va Tatariston rahbarlari, Sankt-Peterburg, Chelyabinsk, Ivanovsk va Orenburg viloyatlari gubernatorlari bilan 20 dan ortiq ikki tomonlama tashriflar amalga oshirildi. Oltoy o`lkasi, Novosibirsk va Sverdlovsk viloyatlari rahbarlari o`rinbosarlari darajasida delegasiyalar tashrif buyurdi. Yaqin kunlarda Toshkentda ikki davlat Prezidentlari ishtirokida “O`zbekiston — Rossiya” hududlararo hamkorlik forumi o`tkaziladi. Bu Rossiya Federasiyasi sub`ektlari va O`zbekiston Respublikasi ma`muriy-hududiy birliklari o`rtasidagi to`g`ridan-to`g`ri muloqot uchun doimiy maydonga aylanishi, shubhasiz.

Rossiya — O`zbekiston munosabatlarining holati va istiqbollarini baholaganda, ikki tomonlama iqtisodiy ko`rsatkichlarga e`tibor qaratish o`rinlidir. 2018 yilning yanvar — avgust oylarida O`zbekiston tashqi savdosida Rossiyaning ulushi 18,3 foizni tashkil etdi. Binobarin, Rossiya O`zbekistonning etakchi savdo sherigi bo`lib qolmoqda. O`zaro tovar ayirboshlashning ijobiy dinamikasini inobatga olgan holda, 2018 yil yakunida ko`rsatkichlarni besh milliard dollarga etkazish vazifasi qo`yilayotir. Bunda 2017 yilda yo`lga qo`yilgan “yashil yo`lak” — soddalashtirilgan bojxona va fitosanitar nazorati muhim o`ringa ega bo`lishi kerak. Zero, shu orqali O`zbekistondan Rossiyaga meva-sabzavot mahsulotlarini etkazib berish muddatlari sezilarli darajada qisqartirildi.

Atom energiyasidan tinchlik yo`lida foydalanish sohasidagi hamkorlikning faollashuvi o`zaro aloqalar uchun katta voqeadir. O`zbekistonda Rossiya texnologiyalari bo`yicha AES qurish bu boradagi eng muhim loyiha hisoblanadi. Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning O`zbekistonga davlat tashrifi chog`ida ikki mamlakat rahbarlari tomonidan mazkur qurilishga ramziy start beriladi.

Mutaxassislarimiz o`zbekistonlik hamkasblari bilan byudjetni prognozlashtirish, bojxona va soliq qonunchiligini takomillashtirish jabhalarida eng yaxshi amaliyotlarni almashib kelishmoqda.

Ta`lim sohasidagi o`zaro aloqalar ham katta istiqbolga ega. O`zbekiston Rossiya oliy o`quv yurtlarida talabalarning tahsil olish ko`rsatkichlari bo`yicha etakchilar qatorida turadi. 2017 yilda o`zbekistonlik 5500 dan ziyod abiturientlar Rossiya oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirdi. Ularning 170 nafari Rossiya hukumati tomonidan ajratiladigan ta`lim kvotalari bo`yichadir. 2018 yilda mazkur kvota 203 o`ringacha ko`paytirildi. O`z navbatida, o`zbekistonliklar uchun, jumladan, ijodiy yo`nalishlar bo`yicha ham byudjet kvotalarini kelgusida yanada ko`paytirishga doir kelishuv mavjud.

Yurtingizda samarali faoliyat yuritayotgan M. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, G. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti hamda I. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti qatoriga joriy yilning sentyabr oyidan Olmaliqda Moskva po`lat va qotishmalar institutining Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti filiali ham qo`shildi. Kelgusi o`quv yilidan boshlab, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti va Moskva muhandislik-fizika instituti filiallarini ochish rejalashtirilyapti. Shuningdek, O`zbekiston tomoni respublika hududlarida A. Pushkin nomidagi Rus tili davlat instituti filiallari hamda OTM bazalarida “rus tili va adabiyoti” mutaxassisligi bo`yicha ta`lim olib boradigan rus tili markazlarini ochishga ham qiziqish bildirmoqda.

Yana bir yangilik. Toshkentda mamlakatlarimiz tarixida ilk bor Ta`lim forumi bo`lib o`tadi. Unda Rossiyadagi 80 dan ortiq etakchi oliy o`quv yurtlari vakillari qatnashadi.

— O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil aprel oyida Rossiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi chog`ida qiymati 16 milliard dollarlik hujjatlar imzolangan edi. Unda ko`zda tutilgan loyihalarni amalga oshirish jarayoni qanday ketmoqda?

— Tasdiqlangan loyihalarning ko`pchiligi sanoat va energetika sektorida ro`yobga chiqarilyapti. Xususan, 2018 yil aprel oyida Buxoro viloyatida Qandim gazni qayta ishlash majmuasining ishga tushirilishiga bag`ishlangan tantanali marosim bo`lib o`tdi. Bu Rossiyaning O`zbekiston iqtisodiyotidagi eng yirik sarmoyadori — “Lukoyl” kompaniyasi ishtirokidagi navbatdagi yirik loyiha. Uning umumiy qiymati 3,4 milliard dollardan ortiq. Korxona yiliga 8,1 milliard kubometr gaz qazib chiqarish va qayta ishlash quvvatiga ega.

Rossiyaning boshqa bir energetika giganti — “Gazprom” kompaniyasi ham O`zbekistonda faol ish olib bormoqda. U o`zbek gazini sotib olish va geologiya-qidiruv ishlarida ishtirok etayotir. Mahsulotni taqsimlashga doir kelishuvga asosan, “Shoxpaxta” gaz konini o`zlashtirish bo`yicha pilot loyihani amalga oshirish davom ettirilyapti.

Telekommunikasiya sohasida “VmpelKom” kompaniyasining “Yunitel” MChJ shu`ba kompaniyasi O`zbekiston bozorida 2006 yildan buyon faoliyat olib boryapti. Bugungi kunga kelib, uning umumiy investisiyalari hajmi 1,15 milliard dollardan ziyod. Kompaniyaning aloqa bozoridagi ulushi — qariyb 50 foiz (10 million abonent)ga teng.

Rossiyaning “Evrosement” xoldingi tarkibidagi “Ohangaronsement” OAJ O`zbekistonda sement ishlab chiqarish quvvati bo`yicha ikkinchi o`rinda turadi. Hozirgi kunda xolding tomonidan Toshkent viloyatida “quruq usul” bilan sement ishlab chiqariladigan yangi zavodni barpo etish bo`yicha loyiha amalga oshirilmoqda.

“Chirchiq qishloq xo`jaligi texnikasi zavodi” AJ bazasida “Rostselmash” zavodi ishtirokida kombaynlar ishlab chiqarish bo`yicha qo`shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

— Shu kunlarda yurtimizga Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan keladi. Yuqori darajadagi uchrashuvlardan nimalar kutilmoqda?

— Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning O`zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida muhim voqeaga aylanadi. U nafaqat 2017 yil aprel oyida Moskvada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish natijalarini ko`rib chiqish, balki Rossiya — O`zbekiston hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qilish, ikki mamlakat xalqlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirishda yangi tutash nuqtalarni izlash imkonini beradi.

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1