17 oktyabr kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov yurtimizga vazir taklifiga binoan tashrif buyurgan Amerika yuristlari assosiasiyasi (ABA) prezidenti Robert Karlson bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrifdan ko`zlangan asosiy maqsad — O`zbekiston Respublikasining huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlari faoliyati bilan tanishish, shuningdek, sud-huquq sohasidagi so`nggi ijobiy islohotlar yuzasidan masalalarni muhokama qilishdan iborat.
Tomonlar me`yoriy-huquqiy hujjatlar va qoidalarni ishlab chiqishga ko`maklashish, amaldagi me`yoriy-huquqiy hujjatlarni muvofiqlashtirish, kelgusida O`zbekistonda advokatlar instituti va yuridik ta`lim tizimini rivojlantirish, shuningdek, qo`shma tadbirlarni tashkil etish va o`tkazish, jumladan adliya organlari xodimlarining boshqa yuridik firmalarda stajirovka o`tashi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yo`lga qo`yishga kelishib oldilar.
O`z navbatida Robert Karlson Adliya vazirligi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati uchun minnatdorlik izhor qildi. U mamlakatda qonun ustuvorligi, adliya va inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ijobiy o`zgarish va islohotlarni alohida qayd etdi.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ABA prezidentining Bosh prokuratura, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Sudyalar oliy kengashi, Advokatlar palatasi, O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Toshkent davlat yuridik universiteti rahbariyati bilan uchrashuvlari tashkil etildi.
Ma`lumot uchun, ABA AQShning yirik va nufuzli jamoat tashkiloti hisoblanadi. 400 mingdan ziyod amaliyot o`tayotgan yuristlar, sudyalar, davlat prokurorlari, advokatlari, notariuslari, ilmiy doira va boshqa yuridik kasb vakillari assosiasiya a`zolari hisoblanadi.