1

16-18 oktyabr kunlari Toshkent dzyudo kurashi bo`yicha Gran-Pri turkumiga kiruvchi yirik xalqaro turnirga mezbonlik qiladi

Sport 16.10.2014, 13:07
16-18 oktyabr kunlari Toshkent dzyudo kurashi bo`yicha Gran-Pri turkumiga kiruvchi yirik xalqaro turnirga mezbonlik qiladi

Avval xabar qilganimizdek, joriy yilning 16-18 oktyabr kunlari poytaxtimizdagi “O`zbekiston” sport saroyida dzyudo kurashi bo`yicha Gran-Pri turkumiga kiruvchi yirik xalqaro turnir o`tkaziladi.
Bugun mazkur nufuzli musobaqa oldidan matbuot anjumani o`tkazildi. “O`zbekiston” mehmonxonasida bo`lib o`tgan matbuot anjumanida Xalqaro dzyudo federasiyasining etakchi mutaxassislari, Toshkent Gran-Prisining tashkiliy qo`mita rahbarlari, shuningdek, O`zbekiston dzyudo federasiyasi rahbariyati va OAV xodimlari ishtirok etdilar.
Jurnalistlar savollariga javob bergan mutaxassislar – dzyudo kurashi bo`yicha Gran-Pri turkumiga kiruvchi musobaqalar har yili dunyoning o`nta davlatida o`tkazilishi, uning darajasi va ahamiyatli tomonlari haqida batafsil to`xtalib o`tdilar.
Jumladan, bu yilgi Toshkent Gran-Pri turniri ham o`tgan yilgi musobaqa kabi (Gran-Pri turkumiga kiruvchi turnirlardan biri 2013-2016 yillar davomida Toshkent shahrida o`tkaziladi) yuqori saviyada tashkil etilgani, bu yilgi turnir 2016 yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o`tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o`yinlarining yo`llanmalari uchun reyting ochkolarini o`ynalishi bilan yanada ahamiyatli ekanligi va unda dunyoning ko`plab nomdor sportchilar gilamga tushishini, bu esa o`z navbatida har bir vazn toifasida kechadigan bellashuvlarni yanada murosasiz kurashlarga boy bo`lishini ta`kidlab o`tishdi.
Toshkent Gran-Pri turnirining mukofot jamg`armasi 100.000 AQSh dollaridan iborat bo`lib, har bir vazn toifasida birinchi o`rinni egallagan sportchiga 300 reyting ochkosi, kumush medal sohiblariga 180 reyting ochkosi va nihoyat bronza medali egalari 120 reyting ochkosiga ega bo`ladi.
O`zbekiston terma jamoasi tarkibida (mezbon davlat sifatida) har bir vazn toifasida 4 nafargacha sportchi ishtirok etishi mumkin. Respublika dzyudo federasiyasi rahbariyatining so`zlariga ko`ra, terma jamoamiz tarkibidan Olimpiada o`yinlari sovrindorlari, Jahon va Osiyo chempionlari, shuningdek, qator yirik xalqaro turnir g`olib va sovrindorlari bilan birga, bir qator yosh, iqtidorli polvonlar ham o`rin egallashgan.
Gran-Pri turnirining tantanali ochilish marosimi 16 oktyabr kuni soat 16:15da “O`zbekiston” sport saroyida boshlanadi. Bu yilgi musobaqalarda 42 davlatdan 282 nafar sportchi (142 nafar erkaklar - 140 nafar xotin-qizlar) 14 vazn toifasida (7 vazn toifasida erkaklar - 7 vazn toifasida xotin-qizlar) g`oliblik uchun kurash olib boradilar.
Ma`lumot uchun. 2013 yili Toshkent shahrida o`tkazilgan Gran-Pri turnirida mamlakatimiz polvonlari 5 ta oltin, 3 ta kumush va 5 ta bronza medaliga sazovor bo`lishgan. Bundan tashqari 9 nafar sportchimiz beshinchi, 13 nafari esa 7-o`rinni egallashgan.

O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi
matbuot xizmati

Manba: www.olympic.uz 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1