1

O`zbekiston va Rossiya Prezidentlarining muzokaralari boshlandi

Siyosat 19.10.2018, 13:53
O`zbekiston va Rossiya Prezidentlarining muzokaralari boshlandi

Ko`ksaroyda 19 oktyabr kuni Rossiya Federasiyasi Prezidenti davlat tashrifining asosiy tadbirlari boshlandi.

Rasmiy kutib olish marosimidan so`ng Shavkat Mirziyoev va Vladimir Putin tor doirada muzokara o`tkazdi.

Prezidentimiz oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, O`zbekiston va Rossiya munosabatlari keyingi ikki yilda yanada mustahkamlanganini ta`kidladi.

Davlatimiz rahbari Moskva shahrida Birinchi Prezdentimiz Islom Karimovga haykal o`rnatilgani va tantanali ochilgani uchun O`zbekiston xalqi nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.

«Rossiya O`zbekistonning strategik sherigi. Birgalikdagi sa`y-harakatlarimiz tufayli mamlakatlarimiz hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarildi va barcha yo`nalishlarda izchil rivojlanmoqda.

Keyingi bir yilning o`zida yuqori darajada saksondan ortiq tashriflar tashkil etildi. Hududlar o`rtasida yaqin hamkorlikni yo`lga qo`ydik. Bugun Toshkentda Hududlararo hamkorlik forumi bo`lib o`tmoqda. Unda Rossiya hududlari, jamoatchiligi va biznesining mingdan ortiq vakili ishtirok etmoqda.

Joriy yil boshidan hozirgacha tovar ayirboshlash hajmi o`ttiz foizga o`sdi. Yirik investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda”, dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari yana bir strategik loyiha – mamlakatimizda birinchi atom elektr stansiyasi qurilish loyihasi boshlanayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Madaniy-gumanitar aloqalar kengayib borayotgani ta`kidlandi. Joriy yilda ilk bor O`zbekiston-Rossiya media-forumi o`tkazildi, tashrif arafasida Rossiyaning etakchi oliy ta`lim muassasalari rahbarlari ishtirokida Ta`lim forumi bo`lib o`tdi.

«Bu keyingi paytlarda hamkorlikda erishilgan yuqori marralarga bir nechta misol, xolos. Davlat tashrifingiz O`zbekiston va Rossiya munosabatlari rivojiga yangi, kuchli impuls bag`ishlashiga ishonaman», - dedi Shavkat Mirziyoev.

Vladimir Putin davlatimiz rahbariga taklif uchun minnatdorlik bildirib, O`zbekiston Rossiyaning ishonchli ittifoqchisi, strategik sherigi ekanini ta`kidladi.

Prezidentimizning Rossiyaga o`tgan yilgi davlat tashrifidan keyin ikki tomonlama munosabatlarning hamma sohalarida jiddiy o`zgarishlar bo`lganini, Rossiya mamlakatimiz bilan hamkorlikni bundan buyon yanada rivojlantirish niyatida ekanini qayd etdi.

Uchrashuvda amaliy hamkorlikni kengaytirish, turli sohalarda yangi qo`shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1