1

Shavkat Mirziyoev Amerika–O`zbekiston savdo palatasi delegasiyasini qabul qildi

Siyosat 23.10.2018, 09:29
Shavkat Mirziyoev Amerika–O`zbekiston savdo palatasi delegasiyasini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 22 oktyabr kuni O`zbekistonda AQSh biznesi haftaligi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Amerika – O`zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, O`zbekiston va AQSh o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi. Joriy yil may oyida AQShga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrifning samarali natijalari strategik sheriklikning yangi davrini boshlash imkonini berdi.

AQShning «Jeneral Elektrik», «Boing», «SiEnEych Indastrial», «Jon Dir», «Xanivell», «Silverlif», «Uayt end Keys» va boshqa ko`plab kompaniyalari bilan savdo-iqtisodiy, investisiya va innovasiya sohalaridagi o`zaro hamkorlik kengaymoqda.

Bugungi kunda mashinasozlik, neft-gaz va gaz-kimyo, elektr energetikasi, to`qimachilik va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo`jaligi, sog`liqni saqlash va ta`lim sohalarini qamrab olgan qiymati 5 milliard dollardan ziyod istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Joriy yil boshidan mamlakatimizda AQSh investisiyalari ishtirokida 25 yangi korxona tashkil etildi, o`zaro savdo hajmi ikki barobar ko`paydi.

O`zaro manfaatli biznes hamkorlikni mustahkamlashda tarkibiga AQShning jahonga mashhur 37 ta kompaniyasi, investisiya korporasiyalari va banklari kirgan Amerika – O`zbekiston savdo palatasi muhim rol o`ynayotgani ta`kidlandi.

Uchrashuvda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, avvalo, texnologiyalar sohasidagi sheriklikni rivojlantirishning aniq istiqbollari muhokama qilindi.

Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o`z vaqtida amalga oshirish, shuningdek, Palataning yangi a`zolarini jalb etgan holda, investisiya loyihalarini tayyorlash muhimligi qayd etildi.

rasmiy_6536.JPG

AQSh kompaniyalarining O`zbekiston bozorida uzoq muddat faoliyat yuritishi uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e`tibor qaratildi.

Kerolin Lemm davlatimiz rahbariga samimiy qabul hamda Palata a`zolarining mamlakatimizdagi faoliyatiga ko`rsatilayotgan har tomonlama ko`mak uchun AQSh ishbilarmonlar hamjamiyati nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.

O`zbekistonda barcha soha va yo`nalishlarda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar tadbirkorlik tashabbuslarini muvaffaqiyatli ro`yobga chiqarishda keng imkoniyatlar yaratayotgani qayd etildi.

Amerika – O`zbekiston savdo palatasi mamlakatlarimiz o`rtasidagi samarali savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va texnologik hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashda faol ishtirok etishga tayyor ekani alohida ta`kidlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1