AQSh savdo vaziri Uilbur Ross O`zbekiston bilan AQSh o`rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida O`zA muxbiriga quyidagilarni so`zlab berdi:
– O`zbekiston bilan AQSh o`rtasidagi hamkorlik strategik sheriklik xarakteriga ega. Mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiy munosabatlari yuqori sur`atda rivojlanmoqda. O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yil may oyida AQShga rasmiy tashrifi chog`ida ikki davlat rahbarlari erishgan kelishuvlar bunda muhim o`rin tutmoqda.
Ushbu tashrif mamlakatlarimiz iqtisodiy hamkorligida yangi istiqbollar ochdi. Xususan, Toshkentda ilk bor Markaziy Osiyo savdo forumi o`tkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoev bilan muzokaramizda O`zbekistonda olib borilayotgan jadal islohotlar, ularni to`liq ro`yobga chiqarish borasida hamkorlik, geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, tashqi siyosatning ustuvor yo`nalishlari va ikki mamlakat qarashlaridagi boshqa mushtarak jihatlar haqida suhbatlashdik.
Qayd etishni istardimki, AQSh Prezidenti Donald Tramp O`zbekistonda barcha sohada amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlaydi. Jumladan, AQSh mamlakatingizning Jahon savdo tashkilotiga a`zo bo`lishi jarayonida ko`mak berishga tayyor. Qolaversa, 2019 yilda O`zbekistonga AQSh Savdo vazirligining savdo missiyasini jo`natishni rejalashtirganmiz.
O`zbekiston nafaqat tadbirkorlik uchun, balki sayyohlikni yo`lga qo`yish borasida ham ulkan imkoniyatlarga ega ekan. O`ylaymanki, bu kabi sohalardagi hamkorligimiz ham yanada mustahkamlanadi.
24.10.2018 05:32
Uilbur Ross: AQSh O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo`llab-quvvatlashga tayyor






