O`zbekiston futbol assosiasiyasi kelasi yilning yanvar oyida bo`lib o`tadigan Osiyo kubogiga tayyorgarlik ko`rayotgan O`zbekiston milliy terma jamoasi uchun o`rtoqlik o`yinlari tashkil qilishda davom etadi.
Ektor Kuper boshchiligidagi milliy terma jamoamiz sentyabr oyida Suriya va Eron, oktyabrda esa KXDR va Qatar terma jamoalariga qarshi Toshkentda o`rtoqlik o`yinlari o`tkazdi.
Noyabr oyidagi FIFA kunlaridan ham unumli foydalanish maqsadida, O`zbekiston MTJ uchun noyabr oyida ikkita o`rtoqlik o`yini tashkil qilinadi.
15 noyabr kuni vakillarimiz Livan terma jamoasiga qarshi to`p sursa, 20 noyabr kuni Janubiy Koreyaga qarshi o`rtoqlik o`yini o`tkaziladi. Har ikki uchrashuv Avstraliyaning Brisben shahrida bo`lib o`tadi.
Eslatib o`tamiz, Osiyo kubogi 2019 yilning 5 yanvar - 1 fevral kunlari Birlashgan Arab Amirliklarida bo`lib o`tadi.






