26 oktyabr kuni O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Toshkent shahriga kelgan Turkiya Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Evropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ikki tomonlama munosabatlar bosh boshqarmasi boshlig`i Shefik Vural Altay boshchiligidagi delegasiyasi qabul qilindi.
Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoevning 2017 yil oktyabr oyida Turkiyaga va Prezident Rejep Tayyip Erdo`g`onning joriy yil aprel-may oylarida O`zbekistonga qilgan davlat tashriflari chog`ida hamda keyingi oliy darajadagi ikki tomonlama aloqalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat chog`ida bo`lajak qo`shma tadbirlarning jadvali va kun tartibi ham muhokama qilindi.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy, investisiya va transport-kommunikasiya sohalarida birgalikda o`zaro manfaatli hamkorlikning ijobiy tajribasi to`planganligi e`tirof etilib, mazkur sohalardagi ikki davlat aloqalariga alohida e`tibor qaratildi.
Jumladan, o`zaro tovar aylanmasining dinamik o`sib borayotgani, 2018 yilning yanvar-sentyabr oylarida bu ko`rsatkich 1,52 mlrd. AQSh dollaridan oshgani, bu esa o`tgan yilning shu davriga nisbatan 40%ga ko`proq natija ekani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shu bilan birga ushbu yo`nalishlardagi hamkorlikni oshirish uchun zahira va yangi imkoniyatlar mavjudligi tasdiqlandi.
Tadbirda qo`shma madaniy-gumanitar loyihalarni amalga oshirish borasida fikr almashildi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy masalalar, jumladan, Afg`onistondagi tinchlik jarayonining istiqbollari ham ko`rib chiqildi.
Shu kunning o`zida O`zbekiston – Turkiya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi bo`lib o`tdi.
Muzokaralarda Turkiya Elchisi Ahmet Bashar Shen ishtirok etdi.






