AsosiySiyosat

Abdulla Aripov: Davlat rahbari majburiy mehnatga qarshi kurashishni davlat siyosati darajasiga ko`tardi

'Abdulla Aripov: Davlat rahbari majburiy mehnatga qarshi kurashishni davlat siyosati darajasiga ko`tardi'ning rasmi

Bugun, 29 oktyabr kuni O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev topshirig`iga asosan Vazirlar Mahkamasida majburiy mehnatga yo`l qo`ymaslik va uning har qanday ko`rinishiga barham berish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda «Daryo» muxbiri Sevara Nishonova xabar berdi.

Qator vazirlik va tashkilotlar rahbarlari, xalqaro mehnat tashkiloti vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan yig`ilishda o`tgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan Toshkent viloyatining Oqqo`rg`on tumanida bug`doyni sug`ormagani uchun olti kishining suv oqib turgan ariqqa kiyimi bilan tushirilgani bilan bog`liq masala muhokama qilindi.

«Shaxsan men uchun bu juda noqulay va uyatli holat. Chunki mening o`rinbosarim prezidentimiz olib borayotgan siyosatga qarshi ish qildi. Mana shu holat 25 oktyabr kuni yuz bergan bo`lsa, yurtboshimiz Zoyir Mirzaevni ishdan bo`shatish haqidagi qarorni 26 oktyabrda qabul qildi. Biroq konstitusiyaga muvofiq, shanba va yakshanba kunlari hech qanday qaror va farmonlar qabul qilinmaydi. Shuning uchun biz bu qarorni bugun e`lon qildik.

Mirzaev bosh vazir o`rinbosarligiga ko`chadan kelib qolgan emas. U uzoq yillar Samarqand viloyatining Jomboy tumani hokimi, keyinroq respublikadagi eng salmoqli viloyatlardan biri Samarqand viloyati hokimi, keyinchalik qishloq va suv xo`jaligi vaziri bo`lib faoliyat yuritgan.

Shuncha xalqqa xizmat qilgan, davlat tashkilotlarida mehnat qilgan bo`lsa-da, Prezidentimiz uni bu qilmishi uchun kechirmadi. ‘Qonun barchaga barobar, jazo muqarrar’, deb aytdilar.

Majburiy mehnat yuzasidan bizga kelib tushayotgan barcha murojaatlar hududlarga borib, o`rganilmoqda. Mehnat qonunchiligini buzgan, majburiy mehnatga yo`l qo`ygan qator tumanlar hokimlar o`z lavozimidan ozod etildi. Ko`plab viloyatlar hokimlariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo`llanildi», — dedi Abdulla Aripov.

Majlisda qayd etilishicha, Oqqo`rg`ondagi holatga guvoh bo`lgan Toshkent viloyati prokurori o`rinbosari, viloyat hokimi o`rinbosari va boshqa mansabdor shaxslar o`z lavozimidan ozod etilgan. Shuningdek, Bosh prokuratura ham ushbu holati qonun doirasida qattiq nazoratga olgan.

Videoselektor yig`ilishida bugun, 29 oktyabr kuni Shavkat Mirziyoev «Barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari rahbarlarining majburiy mehnatga yo`l qo`ymaslik va uning har qanday ko`rinishlariga barham berish bo`yicha mas`uliyatini oshirish to`g`risida»gi farmonga imzo chekkaniga alohida e`tibor qaratildi. Ushbu farmon bilan o`tgan haftada Oqqo`rg`on tumanida ro`y bergan, jamoatchilik o`rtasida keng muhokama etilgan masalaga Prezident o`z munosabatini bildirdi.

«Men hukumatda 10 yil, bosh vazir sifatida 2 yildan beri faoliyat yuritayotgan bo`lsam, shu paytga qadar bunday farmon qabul qilinganini bilmayman. Davlat rahbari majburiy mehnatga qarshi kurashishni davlat siyosati darajasiga ko`tardi», — dedi Abdulla Aripov.

Farmon bilan O`zbekiston bosh prokuroriga qishloq xo`jaligi sohasida ishni tashkil etish bo`yicha yo`l qo`yilgan qo`pol qonunbuzilishlarni har tomonlama o`rganish bo`yicha topshiriq berilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga, Bosh prokuraturaga, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlariga majburiy mehnatga yo`l qo`ymaslik va uning har qanday ko`rinishlariga barham berish yuzasidan samarali chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni to`liq amalga oshirish vazifalari topshirilgan.

Majlisda O`zbekistonda inson huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasi, majburiy mehnatning har qanday ko`rinishlariga yo`l qo`ymaslik masalalari Prezidentning shaxsan nazoratida ekani, inson huquqlarini poymol etishga, majburiy mehnatga yo`l qo`yishga hech kimning haqi yo`qligi, bunday holatlarda kim bo`lishidan qat`i nazar, har qanday mansabdor shaxs muqarrar jazoga tortilishi, qonun ustuvorligini ta`minlash, noqonuniy xatti-harakatlar uchun jazo muqarrarligi prinsipiga qat`iy amal qilinishi alohida ta`kidlab o`tildi.

    Boshqa yangiliklar