AsosiySport

Ravshan Haydarov: KXDR terma jamoasiga qarshi o`yin ancha qiyin bo`ladi

O`zbekiston va Tailand yoshlar terma jamoalari o`rtasidagi uchrashuvdan so`ng o`tkazilgan matbuot anjumanida Ravshan Haydarov o`yinning ikkinchi bo`limi qiyin kechganini va futbolchilar bosim ostida harakat qilganini aytib o`tdi.
«Ikkinchi bo`lim ancha qiyin va bosim ostida o`tdi. O`yinni biz o`zimiz kutganimizdek boshladik va yakunladik. Lekin ikkinchi bo`limda Tailand kuchli istak bilan maydonga tushdi», - deydi O`zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi.
«Tailand ancha tezkor va jismonan kuchli jamoa. Biz buni oldindan bilganimiz uchun tayyorgarlikni ham shunga yarasha olib borgan edik», - deya qo`shimcha qildi Haydarov.
O`zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi shuningdek, KXDR terma jamoasiga qarshi o`tkaziladigan yarim final o`yini ham ancha qiyin kechishini aytdi.
«KXDR yoshlariga qarshi o`yin biz uchun qiyin bo`lishi tabiiy. Ular ham, huddi shu mintaqa terma jamoalariga o`xshab tez harakat qilishadi. Irodasi kuchli jamoa. Bugungi o`yinda ikkita gol kiritgan Zabihillo O`rinboev bugun juda yaxshi o`ynadi. Lekin, keyingi o`yinlarda u hali yana ochiladi», - dedi Ravshan Haydarov.
Tailand yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Sasom Pobpraset esa, o`yindan keyingi matbuot anjumanida O`zbekistondan uchralgan mag`lubiyat uchun uyalmasligini aytib o`tdi: «Biz o`zimizdan ancha kuchli jamoaga mag`lub bo`ldik. O`zbekistonga mag`lub bo`lganimizdan uyalmaymiz. Ko`rasiz, O`zbekiston Osiyo Chempionatida g`olib bo`ladi», - dedi Tailand yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi.

Manba: www.the-uff.com

    Boshqa yangiliklar