Myanma davlatida davom etayotgan Yoshlar o`rtasidagi Osiyo chempionati o`zining eng qizg`in pallasiga kirib bormoqda. Bugun musobaqaning yarim final bahslari bo`lib o`tadi. Finalning ikkita ishtirokchisi aniqlanadi.
Dastlab, Ravshan Haydarov boshchiligidagi O`zbekiston terma jamoasi a`zolari Shimoliy Koreya terma jamoasiga qarshi maydonga tushishadi. Ushbu o`yin ancha qiziqarli kechishi aniq.
Sababi terma jamoamiz o`z oldidagi dastlabki vazifani bajardi. Jahon chempionati yo`llanmasi hal qilindi. Endilikda futbolchilar ortiqcha bosimsiz maydonda harakat qilishadi.
Bugungi o`yin oldidan terma jamoamizda bitta yo`qotish bor. Himoyachi Akrom Komilov sariq kartochkalari yig`ilib qolgani tufayli bugun maydonga tusha olmaydi. Qolgan barcha futbolchilardagi sariq kartochklar final oldidan kuyib ketadi.
O`zbekiston – KXDR termalari o`rtasidagi o`yin Toshkent vaqti bilan soat 14:00da boshlanadi.
Yarim finalning yana bir uchrashuvida musobaqa mezboni Myanma termasi Qatar bilan kuch sinashadi. Ushbu o`yin Toshken vaqti bilan soat 17:00da bo`lib o`tadi.
Vakillarimizga bugungi o`yin oldidan omad yor bo`lishini tilab qolamiz!
Manba: www.uff.uz