AsosiySport

Ruslan Chagaev 36 yoshda!

Kecha, 19 oktyabr kuni O`zbekiston boksi tarixida superog`ir vazn toifasida jahon chempioni bo`lgan yagona hamyurtimiz, Ruslan Chagaev o`zining 36 yoshini qarshi oldi. Bu haqda sports.uz nashri xabar beradi.

1978 yil Andijonda tavallud topgan Ruslan og`ir vazn toifasida havas qilarli natijalarga erishdi. 

1995 yilda Osiyo chempioni bo`lib termadan muqim o`rin egallagan Chagaev 1997 yilda, 19 yoshida kubalik engilmas Feliks Savonni mag`lub etib, jahon chempioni bo`lganidan so`ng jahon boks hamjamiyatining nazariga tushdi. 2001 yilda yana bir bor jahon chempioni bo`ldi. 

Chagaev afsonaviy Savonni ikki bor mag`lubiyatga uchratgan kubalik bo`lmagan yagona sportchi ekan. Birinchisi, jahon chempionati finalida bo`lsa, 1999 yil Bolgariyadagi xalqaro turnirda ham hamyurtimiz kubalikni mag`lub etgan. 

2001 yilda o`zining professional boksdagi faoliyatini boshlagan Ruslan Chagaev bu yo`nalishda ham engilmas ekanligini isbotladi. 2006 yil 18 noyabrida amerikalik Jon Ruisni mag`lub etib chempionlik uchun kurashadigan bo`ldi. 

2007 yilning 14 aprel kuni Germaniyaning Shtutgart shahrida WBAning superog`ir vazn chempionligi uchun kechgan bahsda Ruslan rossiyalik gigant Nikolay Valuevni mag`lubiyatga uchratib, jahon chempioni bo`ldi. 

Shundan so`ng bir necha bor o`z kamarini muvaffaqiyatli himoya qilgan Ruslan Chagaev keyinchalik Vladimir Klichko va Aleksandr Povetkinlardan mag`lubiyatga uchradi. Biroq, 2014 yilning 6 iyulida u Puerto-Rika vakili Fres Okendoni mag`lub etib, WBA muntazam chempionlik kamarini qo`lga kiritdi. Endi Chagaev ushbu yo`nalishning superchempionligi uchun jangga chiqadi. Unga omad tilaymiz!

    Boshqa yangiliklar