Poytaxtimizda dzyudo bo`yicha Gran-pri turkumiga kiruvchi xalqaro turnir boshlandi.
O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo`mitasi, Xalqaro dzyudo federasiyasi (IJF), mamlakatimiz dzyudo federasiyasi tomonidan qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan nufuzli turnirda dunyoning 50 ga yaqin davlatidan 350 dan ortiq sportchi sovrinli o`rinlar uchun kurashmoqda.

Mamlakatimizda yosh avlodni jismonan va ma`nan sog`lom etib tarbiyalash, sportni rivojlantirish, bu jarayonda Olimpiya sport turlarini yanada ommalashtirish, jahon maydonlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir iste`dodli sportchilarni tayyorlash va ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlashga doimiy e`tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 martdagi O`zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo`lib o`tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o`yinlariga tayyorlashga oid, 3 iyundagi «Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi, 10 avgustdagi «Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O`zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag`batlantirish to`g`risida»gi qarorlari qabul qilinishi soha rivojida muhim dasturilamal bo`lmoqda.


"O`zbekiston" sport majmuasida o`tayotgan turnirda Vatanimiz sharafini erkaklar o`rtasida 28, ayollar o`rtasida 23 dzyudochi himoya qilmoqda.






