1

Ravshan Haydarov: "Mag`lubiyatni oqlashga harakat qilmaymiz"

Sport 20.10.2014, 18:17
Ravshan Haydarov: "Mag`lubiyatni oqlashga harakat qilmaymiz"

O`zbekiston U-19 terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Osiyo chempionati yarim finalida KXDR terma jamoasining O`zbekiston yoshlari ustidan qozongan yirik g`alabasidan keyin (0:5) tashkil qilingan matbuot anjumanida o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi.

«Mas`uliyatni to`la o`z bo`ynimizga olamiz va mag`lubiyatni oqlashga harakat qilmaymiz. Bugun Shimoliy Koreya kuchli o`ynadi va yutdi. Jamoa jahon chempionatiga chiqqandan keyin xotirjamlikka berildimi, nimadir bo`ldi. Biz yaxshi tayyorgarlik ko`rgan edik. Shimoliy Koreya juda tartibli o`yin ko`rsatib, aniq pas bilan tezkor qarshi hujumlar evaziga gollar urdi. Biz hujumga o`ta olmadik», — dedi Ravshan Haydarov.

Bosh murabbiy asosiy futbolchilardan bo`lgan Akrom Komilovning ishtirok etmagani ham o`yinga ta`sir qilganini aytdi, biroq mag`lubiyatning asosiy sababi bu emasligini qayd etdi: «Biz himoyada ko`p xato qildik. Shimoliy Koreya esa bu xatolardan unumli foydalandi».

«Shimoliy Koreya turnirdagi eng kuchli raqibmi, deysizmi? Unday bo`lmasa kerak. Kuchli raqiblar ko`p bo`ldi. O`zimiz bugun yomon o`ynadik.

Endi, noyabr oyida futbolchilarga dam beriladi. Dekabrdan boshlab jahon chempionatiga tayyorgarlik ko`ramiz», — deb qo`shimcha qildi Haydarov.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionatining dastlabki yarim final uchrashuvida KXDRga qarshi maydonga tushib, 0:5 hisobida mag`lubiyatga uchradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1