O`zbekiston milliy terma jamoasi 15 noyabr kuni Avstraliyaning Brisben shahrida Livan terma jamoasiga qarshi o`rtoqlik o`yinida maydonga tushadi. Terma jamoamiz futbolchilari va murabbiylar shtabi kecha tunda Toshkentdan yo`lga chiqishdi.
Avvalroq Brisben shahriga tashrif buyurgan O`zbekiston delegasiyasi rasmiylari bugun Livanga qarshi o`rtoqlik o`yini bo`lib o`tadigan "CBUS Super Stadium" o`yingohiga tashrif buyurishdi va bu erdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
Shuni alohida ta`kidlash kerakki, stadionda sharoitlar a`lo darajada muhayo qilingan.
Stadion 27 000 nafar muxlisga mo`ljallangan bo`lib, bu erda "Gold coast United" futbol jamoasi uchrashuvlarni o`tkazadi. Bundan tashqari, "Gold coast Titans" regbi jamoasi ham shu stadionda ishtirok etadi.
O`yingohda 25 nafar futbolchiga mo`ljallangan ikkita kiyim almashtirish xonasii, muzli basseyn, jakuzi mavjud. Shuningdek, murabbiy futbolchilar bilan nazariy o`quv jarayonlarini o`tkazish uchun alohida xona ham bor. Stadion chimi a`lo darajada, sifatli va chiroyli futbol namoyish qilish uchun tayyor.
Umid qilib qolamizki, milliy terma jamoamiz 15 noyabr kuni ushbu stadionda Livanga qarshi uchrashuvda mazmunli o`yin ko`rsatib, yurtimizdagi millionlab futbol muxlislarini xursand qilishadi.















