Xalqaro futbol uyushmasi FIFA O`zbekiston Superligasida ishtirok etayotgan Toshkentning “Bunyodkor” futbol klubidan 6 ochko olib tashlash talabi bo`yicha shu yilning sentyabr oyida rasmiy murojaat bilan chiqqandi.
O`FA mazkur talab yuzasidan Professional futbol ligasini xabardor qildi. Biroq hozirgi kunga qadar “Bunyodkor” futbol klubidan 6 ochko olib tashlanmadi. Shuningdek, mazkur muammoning asosiy sababchisi bo`lgan ukrainalik futbolchi Sergey Simonenko oldidagi qarzdorlik masalasi rasman yopilgani bo`yicha ma`lumot ham taqdim etmadi.
FIFA nizomiga ko`ra, uning tasarrufida bo`lgan futbol assosiasiyalari talabni so`zsiz bajarishi shart. Yo`qsa, tashkilot birinchi navbatda O`zbekiston futbol assosiasiyasiga nisbatan o`z sanksiyalarini qo`llaydi. Vaziyat jiddiylashsa, O`FAning xalqaro maydondagi o`yinlarda ishtirok etish masalasi ham xavf ostida qolishi mumkin.
Shundan kelib chiqib, endilikda O`FA Ijroiya Qo`mitasi Professional futbol ligasini bugun — 16 noyabr kuni qabul qilingan №17 qarori bilan rasman ogohlantirdi hamda “Bunyodkor” futbol klubidan 6 ochko olib tashlashni talab qildi. Bu boradagi maktubga tashkilot rasmiy shaxslari imzo chekdi. PFL FIFA tomonidan qo`yilgan ushbu talabni so`zsiz bajarishi, uning matbuot xizmati esa bu haqda jamoatchilikni xabardor etishi kerak bo`ladi.






