AsosiySport

Qilichbozlik. Toshkentdagi jahon kubogining ochilish marosimi qanday o`tdi?

'Qilichbozlik. Toshkentdagi jahon kubogining ochilish marosimi qanday o`tdi?'ning rasmi

Toshkent shahrida o`smir qizlar o`rtasida qilichbozlikning sablya yo`nalishi bo`yicha jahon kubogi musobaqasi boshlandi.

Musobaqada jahonning 14 mamlakatidan 53 nafar sportchi ishtirok etmoqda. Bugun O`zbekiston gimnastika federasiyasiga qarashli "Universal" sport saroyida ushbu nufuzli turnirning tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Tadbir tantanali kuy-qo`shiqlar bilan boshlandi. Estrada xonandalarining chiqishlari marosimga ko`tarinki rux bag`ishladi. Yosh qilichbozlar ishtirokidagi ko`rgazmali chiqish esa yig`ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Ochilish marosimida O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev, O`zbekiston qilichbozlik federasiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonov ham ishtirok etdi. Tadbir davomida so`zga chiqqanlar ushbu musobaqaning qay darajada ahamiyatli ekanligi, ana shunday nufuzli musobaqa O`zbekistonga ishonib topshirilganidan mamnun ekanliklarini qayd etib o`tdilar. Shundan so`ng O`zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi va musobaqa rasman ochiq deb e`lon qilindi.

Qayd etish lozimki, mazkur jahon kubogi qimmatli reyting ochkolarini taqdim etishi bilan ahamiyatlidir. Yakkalik bahslarida g`oliblikni qo`lga kiritgan sportchi 32 reyting ochkosiga ega bo`ladi. Jamoaviy bellashuvlarda g`olib bo`lgan terma jamoa esa 64 reyting ochkosini qo`lga kiritadi. Bugun yakkalik bahslari bo`lib o`tmoqda. Ertaga esa jamoaviy bellashuvlar tashkil qilinadi.

    Boshqa yangiliklar