AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali muloqot qildi

'Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali muloqot qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 noyabr kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqot avvalida davlat rahbarlari qardosh mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Aloqalar barcha daraja va yo`nalishlarda faollashgani ko`p qirrali O`zbekiston – Qozog`iston hamkorligini yanada rivojlantirishga xizmat qilayotgani ta`kidlandi.

O`zaro savdo hajmi ortib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, xususan, hududlar va ishbilarmon doiralar o`rtasida kooperasiya kengayib bormoqda. Joriy yil 15 noyabr kuni Chimkent shahrida ikki mamlakat chegaraoldi hududlari ma`muriyatlari va etakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirokida birinchi hududlararo hamkorlik forumi muvaffaqiyatli o`tkazildi.

Qozog`istonda O`zbekiston yili doirasida ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashuv dasturi sermazmun bo`lgani qayd etildi. Yil boshidan buyon jami 50 dan ortiq qo`shma tadbir o`tkazilgani buning tasdig`idir.

Muloqot davomida davlat rahbarlari oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasidagi hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, bo`lajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar, jumladan, 2019 yilda mamlakatimizda o`tkaziladigan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ishlari xususida fikr almashildi.

Muloqot so`ngida davlat rahbarlari keng ko`lamli hamkorlikni bundan buyon ham faol rivojlantirish, qardosh O`zbekiston va Qozog`iston xalqlari manfaatini, mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta`minlash yo`lida ko`p asrlik do`stlik, yaxshi qo`shnilik va ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga intilishi qat`iy ekanini ta`kidladilar.

    Boshqa yangiliklar