O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda Shveysariyaga tashrifi buyurishi rejalashtirilmoqda. 19 noyabr kuni Bern shahrida O`zbekiston-Shveysariya siyosiy maslahatlashuvlarining beshinchi raundida mazkur masala muhokama qilindi.
O`zbekiston Respublikasi delegasiyasiga Tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Dilshod Axatov, Shveysariya Konfederasiyasi delegasiyasiga Federal tashqi ishlar departamenti davlat kotibi o`rinbosari Kristina Marti Lang boshchilik qildi.
Tashqi ishlar vazirligi axborotiga ko`ra, muzokaralarda siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik holati va uni faollashtirishning istiqbolli yo`nalishlari muhokama qilindi.
O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019-yilda Shveysariyaga tashrifini tashkillashtirish va uni muvaffaqiyatli o`tkazishdan tomonlar manfaatdor ekanligi tasdiqlandi.
Suhbat chog`ida savdo-iqtisodiy, investisiya va moliya sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e`tibor qaratildi. O`zaro savdoda tovar va xizmatlar turlarini kengaytirish, qo`shma investisiya loyihalarini ishlab chiqish, ikki davlat biznes vakillarini hamkorlikka keng jalb etishga tomonlar tayyor ekanligi ta`kidlandi. Shu o`rinda kelgusi yilning birinchi yarmida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiyaning 8-majlisini o`tkazish bo`yicha takliflar ko`rib chiqildi.
Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro muammolarning muhim jihatlari yuzasidan ham fikr almashildi.
Shu kunning o`zida Shveysariya Federal majlisi Milliy kengashining (parlament) xalqaro parlamentlararo aloqalar xizmati rahbari Klaudiyo Fisher, Federal moliya departamenti Davlat kotibi Yorg Gasser va Shveysariya tashqi siyosat idorasining suv masalalari bo`yicha yangi tayinlangan Maxsus Elchisi Gay Bonvin bilan muzokaralar o`tkazildi.






