AsosiySport

ParaOsiyo o`yinlari. Hamyurtlarimiz zafarli odimlashda davom etishyapti

Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o`tkazilayotgan ParaOsiyo o`yinlarida mamlakatimiz sportchilari sovrinli o`rinlarni qo`lga kiritishda davom etishyapti. 
Bugun ertalabki dasturning o`zida mardonavor sportchilarimiz yana to`rtta medalni delegasiyamiz hisobiga qo`shib qo`ydilar. 
Dzyudo kurashi bo`yicha o`tkazilgan musobaqalarda Shuhrat Boboev (-90 kg) hamda Odil Tulendiboev (+100 kg) barcha raqiblari ustidan g`alabaga erishib, oltin medalga sazovor bo`ldilar. 
Jumladan, Shuhrat Boboev chorak finalda Eron vakilini, yarim final bahsida esa mo`g`ilistonlik sportchini engib, hal qiluvchi final bellashuvida dzyudo vatani vakili Aramisu Kitazono (Yaponiya)ni 3 daqiqa-yu 11 soniyada ippon bahosi bilan muddatdan avval mag`lub etdi. 
Og`ir vazndagi polvonlar o`rtasida jahon chempioni Odilbek Tulendiboev o`z vaznida Osiyoning tengsiz polvoni ekanligini amalda isbotladi. Chorak finalda Tailand vakilini engan Odil, yarim finalda yaponiyalik Kento Mosaki ustidan g`alabaga erishdi. Hal qiluvchi final bellashuvida esa eronlik Hamza Nadrini mag`lub etish uchun hamyurtmizga 19 soniya kifoya qildi. 
Dzyudo kurashi bo`yicha o`tkazilgan musobaqalarda, shuningdek, Gulrux Rahimova (-70 kg) kumush, Shirin Sharipov (-100 kg) esa bronza medaliga sazovor bo`ldilar. 
Ayni daqiqalarga kelib delegasiyamiz hisobida 18 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medali mavjud va hamyurtlarimiz umumjamoa hisobida 4-o`rinda borishyapti.

    Boshqa yangiliklar