O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi mamlakatimiz parlamenti delegasiyasining Qozog`iston Respublikasiga rasmiy tashrifi davom etmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati ma`lum qilishicha, tashrif doirasida 2018 yil 27 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov va Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tdi.
Uchrashuv chog`ida azaliy qardosh o`zbek va qozoq xalqlarining o`tmishi va buguni, orzu-niyatlari hamda intilishlari o`xshash ekani, bunda ikki davlatning o`zaro ishonch, yaqin do`stona munosabatlarga asoslangan hamkorligi muhim rol o`ynayotgani alohida ta`kidlandi. Mamlakatlarimiz Prezidentlarining doimiy tarzda amalga oshirilayotgan o`zaro tashriflari, samimiy uchrashuv va muloqotlari xalqlarimizning vaqt sinovidan o`tgan do`stona munosabatlariga yangicha ruh bag`ishlab kelmoqda.
Prezident Nursulton Nazarboev O`zbekiston bilan do`stona aloqalarni yanada rivojlantirishda xalqlarimizning azaliy qardoshlik aloqalari, eng asosiysi, Prezident Shavkat Mirziyoevning tashqi siyosat borasida yaqin qo`shnilar bilan munosabatlarni tobora yaxshilashga ustuvor ahamiyat berayotgani muhim rol o`ynayotganini ta`kidlab o`tdi.
— Bugun o`zaro munosabatlarimiz yaxshi bosqichda turibdi, — deydi Nursulton Nazarboev. — Biz Shavkat Mirziyoev bilan yiliga bir necha bor uchrashyapmiz hamda iqtisodiy va siyosiy hamkorlik sohasidagi zaruriy masalalarni muhokama qilyapmiz. Mamlakatlarimiz o`rtasida imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlarda hamda ularning ijrosini ta`minlashda ikki davlat parlamentlari muhim o`rin tutadi.
Darhaqiqat, uchrashuv chog`ida qayd etilganidek, xalqlarimiz o`rtasida o`zaro bordi-keldi faollashdi, yaqin qo`shnichilik aloqalari mustahkamlandi. Joriy yil Qozog`istonda O`zbekiston yili deb e`lon qilingani ham ikki qardosh elning bir-biriga iliq munosabatidan darak beradi.
O`z navbatida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov samimiy qabul uchun Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboevga minnatdorlik bildirar ekan, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning qaynoq va samimiy qutlovini etkazdi. Keyingi ikki yil mobaynida O`zbekiston va Qozog`iston rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama munosabatlar yangi bosqichga ko`tarilganini alohida qayd etdi.
Ta`kidlanganidek, davlatlarimizning ochiq, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosati bois qisqa vaqt mobaynida mamlakatlarimiz o`rtasida hamkorlik yanada mustahkamlandi. Ayniqsa, keyingi ikki yilda mamlakatlarimiz Prezidentlarining Toshkent va Samarqand, Ostona va Sariog`och shaharlariga bir necha bor rasmiy va ishchi tashriflar amalga oshirganligi diqqatga molikdir. Bundan tashqari, xalqaro miqyosdagi qator tadbirlarda, jumladan, Saudiya Arabistonida o`tgan “AQSh — Islom olami” sammitida, Xitoyda tashkil etilgan “Bir makon, bir yo`l” forumida, Ostona shahrida o`tgan Islom hamkorlik tashkilotining ilm-fan va texnologiyalar bo`yicha sammitida, shuningdek, MDH, ShHTning davlat rahbarlari Kengashi majlislaridagi uchrashuvlar O`zbekiston-Qozog`iston Prezidentlarining do`stlik aloqalarini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Bu, tabiiyki, davlatlararo munosabatlarda ham o`z ifodasini topmoqda. Savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik dinamikasi o`sib borayotgani bunga yaqqol misoldir.
Samimiy muloqot chog`ida O`zbekiston-Qozog`iston munosabatlarini yangi bosqichga ko`tarish, iqtisodiy hamkorlikni tomonlarning mavjud salohiyati darajasiga olib chiqish, bu borada, ayniqsa, parlamentlararo aloqalarni yanada kuchaytirishga doir masalalar yuzasidan fikr almashildi.






