Ukraina va Rossiya o`rtasida Kerch bo`g`ozi atrofida ro`y berayotgan voqealar oldindan aytish mushkul bo`lgan oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligi dunyo jamoatchiligini xavotirga solmoqda.
Ma`lumki, shu yilning 25 noyabrida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati chegara boshqarmasi Kerch bo`g`ozida Ukraina harbiy-dengiz kuchlariga qarashli uchta kema – «Berdyansk» va «Nikopol» katerlarini, shuningdek, «Yana Kapu» buksirini chegarani buzish aybi bilan qo`lga olgandi. Rossiya tomoni ukrain harbiy xizmatchilarini chegarani buzishda, to`xtash to`g`risidagi talabga bo`sumaganlik va xavfli manevrlarni olib borishda ayblash bilan birga, hodisani ig`vogarlik deb atadi. Bunga javoban rasmiy Kiev mamlakatning qator mintaqalarida 30 kunga harbiy holat joriy etdi.
Keyingi yarim yil mobaynida Kerch bo`g`ozi atrofidagi Rossiya va Ukraina bahslar nihoyat dengizdagi amaliy ziddiyatlarni keltirib chiqaribgina qolmay, Ukrainadagi ichki siyosiy vaziyatning taranglashuviga, turli siyosiy kuchlar o`rtasidagi tortishuvlar ohangining “baland nota”ga ko`chishiga olib keldi, desak yanglishmagan bo`lamiz. Kerchdagi hodisadan keyin Ukraina prezidenti Petr Poroshenko mamlakatda harbiy holat joriy etib, mamlakatdagi ko`plab siyosatchilar va Oliy Rada deputatlarining noroziligini keltirib chiqardi.
Radadagi ovoz berish jarayonigacha prezident tarafdorlari va raqiblarining fikri, pozisiyasi tubdan farq qilardi. Parlament spikerining o`ribosari Oksana Siroedning fikricha, maxsus huquqiy rejim saylovga tayyorgarlik va ovoz berishning borishiga ta`sir o`tkazish imkonini beradi. Rada deputati Igor Lusenko ham Kiev urush harakatlarisiz harbiy holat joriy etish orqali siyosiy maqsadlarni ko`zlayotganini e`trirof etdi.
Yopiq eshiklar ortidagi keskin tortishuvlardan keyin davlat rahbari va deputatlarni qanoatlantiradigan echim topildi.
Poroshenko 30 kunlik harbiy holat joriy etilishiga ovoz berishlari evaziga deputatlarga prezidentlik saylovini belgilangan muddatda o`tkazilishiga va`da berdi. Dekabr oyining boshlarida davlat rahbari prezidentlik saylovining kuni haqida parlamentga qaror loyihasini kiritadigan bo`ldi. Konstitusiyaga binoan u 2019 yidning 31 martida o`tkaziladi.
Natijada kelishuv varianti qabul qilindi. Rada Ukrainaning Rossiya bilan chegaradosh o`nta viloyatida, shuningdek, Qora va Azov dengizlarida 30 kunga harbiy holat joriy etiish uchun ovoz berdi. Maxsus rejim 28 noyabr, ertalab soat 9:00 dan kuchga kiradi. Hatto bunday natijaga erishish Poroshenkoga oson bo`lmadi.
Kerch bo`g`ozi atrofidagi vaziyatning xatarli tomoni unga tashqi kuchlarni aralashtirish chaqiriqlarining yangrayotganidir. Bugungi sharoitda MDH makonida yangi mojaro o`chog`ining paydo bo`lishiga yo`l qo`ymaslik, savdo-iqtisodiy munosabatlarning ortga ketishiga yo`l qo`ymaslik muhim. Chunki bu ikki qudratli iqtisodiyotning to`qnashuvi boshqa davlatlar iqtisodiyotiga ham zarba bo`lib uriladi.
Kiev hukumati xalqaro hamjamiyatga, eng avvalo, harbiy-siyosiy alyans bo`lmish NATOga ko`mak so`rab murojaat qilmoqda. Rossiya bilan mojaroga kirishish xatarli ekanini anglayotgan NATO va Evropa Ittifoqi xayriyatki, har ikki tomonni yarashishga, bosiq bo`lishga chaqirish bilan cheklandi. Masalani BMT Xavfsizlik Kengashiga Kievga maqbul ohangda olib chiqishga ham erishilmadi. Hatto AQSh prezidenti Donald Tramp "Rossiya va Ukraina o`rtasida yuz berayotgan tortishuv unga yoqmayotgani" haqida gapirdi. Bir so`z bilan aytganda, Kievni so`zsiz qo`llab-quvvatlash haqida gap bormayotgani xalqaro jamoachilikning tinchlikdan manfaatdorligini ko`rsatib turibdi.
Sharofiddin To`laganov, O`zA






