Qurolli Kuchlar akademiyasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar qildi.
Unda Prezident Shavkat Mirziyoev O`zbekistonni rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha masalalar qatori harbiy qurilish sohasida ham keng ko`lamli ishlar amalga oshirilganini ta`kidladi.
Xavfsizlik kengashining joriy yil 10 yanvarda bo`lib o`tgan majlisida belgilab berilgan yo`nalishlar hayotga tatbiq etildi. Qurolli Kuchlarni isloh qilish va rivojlantirishga qaratilgan 46 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
O`tgan qisqa vaqtda harbiy qismlarning tuzilmalari to`liq yangilandi. Samarasiz va vazifalari bo`yicha bir-birini takrorlaydigan harbiy qismlar qisqartirildi. Natijada qo`shinlarni saqlab turishga ketadigan xarajatlar kamaydi. Oziq-ovqat bilan ta`minlashda autsorsing tizimi joriy etildi. Bu harbiy bo`linmalar jangovar tayyorgarligini oshirish, vaqt ko`rsatkichlarini ikki barobar qisqartirish imkonini berdi.
Mamlakatimiz armiyasi qurolli kuchlar qudrati bo`yicha dunyo reytingda bir yilda 9 pog`onaga ko`tarilgani, Buyuk Britaniyada o`tkazilgan nufuzli “Kembriy patruli” tanlovida harbiylarimiz 90 mamlakatdan ishtirok etgan 123 jamoa orasida birinchi o`rinni egallagani bu boradagi ishlar to`g`riligini yaqqol isbotlaydi.
Armiya va xalq birligini ta`minlash maqsadida barcha hududlarda harbiy-ma`muriy sektorlar tashkil etildi va ular samarali faoliyat yuritmoqda. Birinchi marta davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, viloyat hokimlari va ularning o`rinbosarlari ishtirokida yig`inlar o`tkazildi.
Sohaga ixtisoslashgan korxonalarni birlashtiradigan Mudofaa sanoati davlat qo`mitasi tashkil etildi.
Harbiy xizmatchilar, ularning oila a`zolari va soha faxriylarini ijtimoiy himoyalashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Bugunga qadar harbiy xizmatchilarga 56 ta uy topshirildi. 1 ming 500 dan ortiq harbiylar uy-joy bilan ta`minlandi. Yana 74 ta uy qurilishi davom etmoqda.
Yig`ilishda mamlakatimiz harbiy qudratini yanada mustahkamlash, mudofaa sanoati va harbiy ta`limni rivojlantirish, qurol-aslaha va harbiy texnikalarni modernizasiya qilish, axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish orqali qo`shinlarni boshqaruv tizimi takomillashtirish masalalari tahlil qilinmoqda.
28.11.2018 16:43
Prezident raisligida Xavfsizlik kengashi yig`ilishi bo`lib o`tdi






