Samarqanddagi «Elxolding» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi ta`lim muassasalari uchun o`quv-laboratoriya jihozlari ishlab chiqarish bilan e`tibor qozongan bo`lsa-da, keyingi yillarda korxonada tayyorlanayotgan uch g`ildirakli motosikllarga ham talab ortmoqda, deb xabar berdi O`zbekiston Milliy axborot agentligi.
Prezidentimizning 2011 yil 29 iyuldagi «Sanoat kooperasiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni yanada chuqurlashtirish bo`yicha 2011-2013 yillarga mo`ljallangan chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarishda korxona imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Motosikl uchun butlovchi qismlarning aksariyati korxonaning o`zida tayyorlanmoqda. Ayni paytda yiliga etti ming dona motosikl ishlab chiqarilmoqda.
«Yuk ko`tarish quvvati 650 kilogramm bo`lgan mazkur transport vositasi yuz kilometr masofaga 3 litr yoqilg`i sarflaydi. Bu fermerlar uchun juda qulay. Shu bois mahsulotimizga talab tobora ortib bormoqda. Yangi turdagi motosikllar MDH mamlakatlariga ham eksport qilinmoqda», – dedi korxona bosh muhandisi Shermamat Tojiev.
2015 yildan boshlab korxona «GM-Uzbekistan» kompaniyasi bilan hamkorlikda motosikllar uchun motorni shu erning o`zida tayyorlashni rejalashtirmoqda. Mahalliylashtirish dasturi asosida hozirda birlashmada g`alla ekish seyalkalarini tayyorlash ham yo`lga qo`yildi.





