Qirg`iziston sobiq prezidenti Qurmanbek Bakievning kenja o`g`li — Maksim Bakiev Bishkek sudi qarori bilan poraxo`rlik uchun bir umrlik qamoq jazosiga mahkum qilindi. Bu haqda sud kanselyariyasiga tayanib TASS xabar bermoqda.
2010 yilda Investisiyalar va innovasiyalarni rivojlantirish markaziy agentligini boshqargan Maksim Bakiev 2 milliard som (taxminan 37 million dollar) mablag`ni Ijtimoiy fonddan chiqarib olishda aybdor deb topilgan.
Kichik Bakievning biznes-sheriklari Mixail Nadel va Evgeniy Gurevichlarning har ikkalasi mol-mulki musodara qilingan holda 25 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sud qarori bilan mahkumlar davlatga etkazilgan 3 milliard som (55 million dollar) zararni qoplashi kerak bo`ladi.
Eslatib o`tamiz, Qirg`iziston sobiq prezidenti Qurmanbek Bakiev 2010 yil 7 apreldagi ommaviy qirg`inni uyushtirishga aloqador deb topilib, mol-mulki musodara qilingan holda umrbod qamoq jazosiga sirtdan hukm qilingan edi.
Avvalroq Qurmanbek Bakiev Buyuk Britaniya fuqarosi Shon Deyliga suiqasd tashkil qilishda ayblanib 25 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.
Bakiev 2005–2010 yillarda prezidentlik qilgan. 2010 yil aprel voqealarida qo`zg`olonchilar va hukumat kuchlari o`rtasidagi to`qnashuvlarda 80 dan ortiq kishi halok bo`lgan, yana 300 kishi yaralangan. To`ntarishdan keyin prezident Aleksandr Lukashenko taklifi bilan Belorussiyaga ketgan. Qirg`iziston hukumati tepasiga kelgan raqiblari Bakievni topshirishni talab etishgan, ammo Belorussiya uni Qirg`izistonga topshirishdan bosh tortgan.
daryo.uz





