1

“Katta Langar” Qur`oni

Madaniyat 03.12.2018, 19:19
“Katta Langar” Qur`oni

Qur`oni Karimning Er yuzidagi eng mo``tabar nusxalardan biri “Katta Langar Qur`oni” nomi bilan ataladigan, bugungi kunda sahifalari Sankt-Peterburg, Toshkent va Buxoro shaharlarida, shuningdek Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida saqlanayotgan qo`lyozmadir.

Qo`lyozmaning bizgacha etib kelgan eng katta qismi – 81 sahifasi bugungi kunda Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburgdagi Sharq qo`lyozmalari institutida saqlanadi. Ushbu kitobni chuqur tadqiq etgan rossiyalik olim, tarix fanlari doktori, professorEfim Anatolevich Rezvanning yozilishicha, ushbu qo`lyozmaning yaratilishiVIII asrning oxirgi choragida, arab grammatikasi qoidalari shakllangan davrga to`g`ri keladi[1]. Mashhur sharqshunos, akademik I.Yu.Krachkovskiy o`zining “Arab qo`lyozmalari ustida” kitobida yozishicha, bu qo`lyozma 1936 yilda insttutut tomonidan notanish keksa ayoldan sotib olingan.

Mazkur qo`lyozma matni sayqallangan hayvon terisi – pergamentga bitilgan. Sahifalarning o`rtacha hajmi 52,5x34,0 sm.ni tashkil etgan. Matnlar arab alifbosining eng qadimiy turlaridan bo`lganko`fiy-hijoziy xatida bitilgan.Sahifalarning ayrimlari juda yaxshi saqlangan, ba`zilariga, ayniqsa sahifalarning burchaklarigajiddiy zarar etgan. Qo`lyozmaning charm muqovasi XIV asrga tegishli. XVII asr o`rtalarida uqaytata`mirlangan. Muqova hamda sahifalarni bir-biriga mustahkam biriktirish maqsadida arab tilidagi matnlar bitilgan qog`ozlar yopishtirilgan. Ushbu matnlarning asosiy qismini biroz dag`alroq shaklda, nasx va nasta`liq xatida bitilgan Qur`on oyatlari tashkil etadi[2].

Qo`lyozmaning Sankt-Peterburgda saqlanayotgan qismida Qur`oni Karimning 44 ta surasi oyatlari (shundan 22 tasi to`liq) o`rin olgan. Dastxatdagi farqlarga qaraganda,bu qo`lyozma ikkita kotib tomonidan ko`chirilgan.Kitob hajmining kattaligini hisobga olsak, uni teng ikkiga bo`lgan holda ko`chirishgan deb taxmin qilish mumkin. Keyinchalik matnga qizil siyoh bilan tuzatishlar kiritilgan, o`chib ketgan so`zlar ham xuddi shu rangdagi bo`yoq bilan qayta tiklangan.

Albatta, bu nodir qo`lyozma ancha payt mutaxassislar diqqat markazida bo`lib keldi. Ammo hech uning bag`rida yashiringan sinoatlar ochishga jur`at etolmadi. 1998 yilda professor E.A.Rezvan Sharq qo`lyozmalari institutida E 20 inventar raqami ostida saqlanayotgan mazkur qo`lyozma haqida xorij matbuotida ingliz tilida “The Qur’an and its World” maqolasini e`lon qildi. Oradan bir necha oy o`tib, fransuz sharqshunosi Fransua Derosh Sankt-Peterburgga xat yo`llab,u bilan birga O`zbekistondagi Katta Langar qishlog`idan topilgan Qur`on sahifalari fotonusxalarini ham yuboradi. Bu nusxalardagi yozuv turi va uslubi instututda E 20 raqami ostida saqlanayotgan qo`lyozmaniki bilan bilan aynan bir xil edi.

Keyinchalik E.Rezvan ushbu qo`lyozmaning ayrim sahifalari Katta Langar qishlog`ida, shuningdek Toshkent va Buxoroda ham saqlanishi haqida xabar topadi.

O`zbekistonda mazkur qo`lyozmaning jami 16 sahifasi mavjud bo`lib, shundan bittasi Abu Rayhon Beruniy nomidagiSharq qo`lyozmalari markazida, bittasi O`zbekiston Musulmonlari idorasida, ikkitasi Buxoro viloyat kutubxonasida, 12 varag`iKatta Langar qishlog`ida saqlanadi.

Sharqshunoslik institutida 11604 raqami ostida saqlanayotgan sahifada “Baqara” surasining 26-61oyatlari ko`chirilgan. Tarixiy ma`lumotlarga ko`ra, qora saxtiyon jild bilan muqovalangan bu muborak sahifa Buxoro amirligining so`nggi qozikaloni Muhammad Sharifjon Maxdum Sadri Ziyoning (1862-1932) shaxsiy kutubxonasidan keltirilgan. Mazkur institutda 2460 raqami ostida saqlanayotgan Sadri Ziyo kutubxonasining katalogida mazkur sahifa haqida ma`lumot berilgan bo`lib, unda sahifaning Uchinchi Xalifa Usmon ibn Affon (r.a.) zamonasida ko`chirilgan kitobga tegishli ekanini aytiladi.

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat kutubxonasida saqlanayotgan yana ikkita sahifada “Qasas” surasining 35-81 oyatlari bitilgan bo`lib,dastlabBuxoroda 1860-1885yillarda hukmronlik qilgan Amir Muzaffarning o`g`li,Hashmat taxallusi bilan she`rlar yozgan Muhammad Siddiq (1857-1927)ning kutubxonasida saqlangan.

Qamashi tumanidagi Katta Langar qishlog`ida saqlanayotgan sahifalarning charm muqovasida muqovasozning ismi (Muhammad Nosir) hamda 1255 (1839-1840) sanasi yozilgan. Ushbu sahifalarda “Niso” va “An`om” suralarining parchalari o`rin olgan.

Ma`lumotlarga qaraganda, sahifalar uzoq vaqt davomida “Katta Langar shayxlari” deb nom olgan Ishqiya tariqati namoyandalari tomonidan asrab kelingan. O`tgan asrning saksoninchi yillari boshida O`zbekistonda diniy va milliy qadriyatlarga qarshi kurash boshlangach, ushbu qo`lyozaning ham katta qismi atayin yo`q qilingan yoki yashirilgan. Tegishli idoralarining ko`rsatmasiga binoan Katta Langar ziyoratgohidagi tarixiy buyumlar, qadimiy qo`lyozmalar ham musodara qilindi. Shunda qishloq oqsoqollaridan biri, marhum To`xta bobo Rajabov qo`lyozmaning 12 sahifasini asrab qolishga muvaffaq bo`ladi. Oradan o`n yil o`tib, mustaqillik yillarida ushbu muborak sahifalar yana Katta Langar ziyoratgohiga qaytarildi.

Qo`lyozmaning yana bir sahifasi O`zbekiston musulmonlar idorasining kutubxonasida saqlanmoqda. Unda “Baqara” surasining 126-144 oyatlari yozilgan.

Ayni paytda beshjoyda saqlanayotgan ushbusahifalardaoyatlar bir-birini takrorlamasligi, dastxat, xomashyo, xat turi va matnga kiritilgan tuzatishlarning bir xilligi ularning bir paytlarbitta qo`lyozma tarkibiy qismlari bo`lganidanyorqin dalolat beradi. Taxminlarga ko`ra, qo`lyozmaning umumiy hajmi 206 sahifani tashkil etgan. Bugungi kungacha ularning 97 sahifasi yoxud 47 foizigina etib kelgan.

2000 yilning may oyida rossiyalik va gollandiyalik olimlarning izlanishlari natijasida, Groningen (Gollandiya) universiteti Izotop tadqiqotlari markazida mazkur qo`lyozma pergamentiningnamunalari zamonaviy texnikalar yordamida radiokarbon tahlilidan o`tkazildi. Tekshiruv natijalariga ko`ra, ushbu qo`lyozma milodiy 775-995 yillar oralig`ida ko`chirilgan bo`lishi mumkinligi haqida xulosa berildi. Olimlar ushbu xulosaga tayanib, qo`lyozma VIII asrning so`nggi choragiga tegishli, degan to`xtamga kelishgan. Bu xulosani fransuz sharqshunosi F.Derosh ham tasdiqlaydi[3].

Katta Langardagi Qur`oni karim qo`lyozmasi bu erga qanday kelib qolgani haqida turli taxminlar ilgshari uriladi. Shunisi aniqki, muddat ushbu ziyoratgohda saqlanib kelgan. XIX asr oxirlarida qo`lyozmaning bir qismi noma`lum sabablarga ko`ra, mamlakatdan olib chiqib ketilgan va yuqorida ta`kidlanganidek, 1936 yilda I. Yu.Krachkovskiyning qo`liga etib borgan. Qo`lyozmaning boshqa sahifalari har xil odamlar tomonidan olib ketilgan. Xullas bugungi kunda bu nodir kitob sahifalarining yarmidan ko`prog`i qaerda, kimlarning qo`lida ekani hamon sirligicha qolayotir.




Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1