Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 29-30 noyabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida joylardagi uchrashuvlar, samimiy muloqotlar, yangi loyihalar taqdimotlarida bildirgan fikrlarini yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan kuzatib bordi.
Davlatimiz rahbari tomonidan, ayniqsa, xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ilgari surilgan takliflar va belgilab berilgan ustuvor vazifalar aholi tomonidan zo`r mamnuniyat bilan kutib olindi.
Qadim Xivaga “Afrosiyob” etib keldi
Yurtboshimiz 2017 yilning yanvarida Xorazm viloyatiga tashrifi chog`ida Urganchdan Xivagacha temir yo`l hamda Xiva shahrida zamonaviy vokzal barpo etish, bu yo`lda elektropoezdlar, kelgusida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” tezyurar poezdi qatnovini yo`lga qo`yish yuzasidan topshiriqlar bergan edi. Qisqa fursatda bu ezgu tashabbus amalga oshdi.
Vokzal binosining tashqi ko`rinishi Xorazm me`morchiligi namunalarini o`zida aks ettirib, unda VIP-zal, ona va bola, tibbiyot xonalari mavjud. Vokzalda 35 nafar ishchi bir vaqtning o`zida 200 yo`lovchiga xizmat ko`rsatadi. 20 o`rinli mehmonxona yurtdoshlarimiz va turistlarga qo`shimcha qulaylik yaratadi.
— Ma`lumki, Xorazm viloyati turistik salohiyatidan samarali foydalanish sayyohlarga transport xizmati ko`rsatishni yaxshilashni talab etadi, — deydi Biznes va turizmni rivojlantirish markazi direktori Odilbek Rahimov. — Qadimiy shaharga tashrif buyuruvchi xorijiy va mahalliy sayyohlarning bir qismi samolyotda parvoz qilishni xush ko`rsa, ayrimlari, ayniqsa, keksa yoshdagilari tezyurar poezdda yo`lga chiqishni ma`qul ko`radi. Dunyoning aksariyat davlatlarida sayyohlarga transport xizmati ko`rsatishda tezyurar poezdlardan keng foydalaniladi. Endilikda bunday qulaylik Xivada ham yaratildi va bundan hudud aholisi juda mamnun.
Vokzal va “Ichan-Qal`a” davlat muzey-qo`riqxonasi o`rtasidagi 2 kilometrlik masofada qator infratuzilma ob`ektlari qurildi. Ayni chog`da barcha qulaylikka ega 3 ta mehmonxona va “Xiva — Lokomotiv” istirohat bog`i barpo etilyapti. Bu erda sun`iy ko`l, 27 xil attraksion, amfiteatr, zamonaviy savdo rastalari faoliyati yo`lga qo`yiladi.
350 million AQSh dollarilik investisiya loyihalari
Xorazmda qulay investisiya muhiti yaratish orqali xorij sarmoyasini to`g`ridan-to`g`ri jalb etishga alohida e`tibor berilyapti. Natijada yangi loyihalar birin-ketin ro`yobga chiqarilmoqda.
Bundan ikki yil muqaddam davlatimiz rahbari “Uztex” kompaniyalar guruhiga Shovot tumanining chekka hududida yuqori texnologik imkoniyatga ega yangi korxona tashkil etish va odamlarni ish bilan ta`minlash yuzasidan ko`rsatmalar bergan edi. Shu asosda oradan ko`p vaqt o`tmay Italiya va Buyuk Britaniyada ishlab chiqarilgan so`nggi rusumdagi dastgohlar bilan jihozlangan, mingdan ortiq ish o`rinlariga ega to`qimachilik korxonasi faoliyat boshladi. Loyiha qiymati 65 million AQSh dollariga teng bo`lgan mazkur korxonada yiliga 70 million juft yoki qiymati 30 million dollarlik ayollar, erkaklar va bolalar paypoqlari tayyorlanadi.
— Mahsulotlarimiz AQSh, Rossiya, Moldova, Ukraina kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda, — deydi qo`shma korxona bosh direktori Umrbek Abdullaev. — Davlatimiz rahbari qo`shma korxonaga tashrifi chog`ida to`quv, qadoqlash sexlari, logistika markazi, laboratoriya faoliyati bilan tanishdi, ishchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan qiziqdi. Mahsulotlarning yangi modellarini o`zlashtirish va eksport hajmini oshirish bo`yicha topshiriqlar berdi. Bular faoliyatimizni kengaytirishimizda dasturilamal bo`ladi.
Iqtisodiyotga xorij investisiyasini jalb qilish, tadbirkorlikni keng rivojlantirish, yangi ish o`rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishda erkin iqtisodiy zonalarning o`rni katta. Buni “Hazorasp” EIZ misolida ham ko`rish mumkin. Dastlab uning uchun Hazorasp tumanining 2 ta hududidan 325 gektar bo`sh er maydoni ajratib berilgan edi. Keyinchalik qurilish va infratuzilma tarmoqlarini o`tkazish xarajatini kamaytirish maqsadida EIZ korxonalarini, birinchi navbatda, bo`sh turgan bino va inshootlar negizida joylashtirish bo`yicha takliflar asosida yana 7 ta hududdagi 89 gektar er maydoni qo`shib berildi.
Bu erda Malayziyaning “Serba Dinamik Group” kompaniyasi tomonidan to`liq moliyalashtirilayotgan kaustik soda ishlab chiqarish zavodi quriladi. Ya`ni kompaniya tomonidan 250 million AQSh dollari yo`naltiriladi. Korxona ishga tushgach, yiliga 33 ming tonna kaustik soda va 30 ming tonna xlor ishlab chiqarish mumkin. Tayyorlanadigan mahsulotlar to`liq eksport qilinishi mo`ljallangani diqqatga sazovordir.
Umuman, bu EIZda 2019-2020 yillarda 350 million AQSh dollarilik investisiya loyihalari bajariladi. Bunga qariyb 300 million AQSh dollari miqdorida to`g`ridan-to`g`ri xorij sarmoyasi yo`naltiriladi. Natijada bu erda yuk motosikllari, elektroskuterlar, “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun ehtiyot qismlar, kaustik soda, tibbiyot qo`lqoplari, poyabzal, trikotaj mahsulotlari kabi eksportbop va import o`rnini bosuvchi buyumlar ishlab chiqariladi.
Prezidentimiz tashrif davomida bu erkin iqtisodiy zona faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishib, hudud iqtisodiyotiga to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarni jalb qilish bo`yicha aniq topshiriqlar berdi. Ayni kunda shu yo`nalishda keng qamrovli amaliy sa`y-harakatlar olib borilmoqda.
— Hududimizda 5 ta loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi, —deydi “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasi direktori MurodbekDavletov. — Natijada “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun ehtiyot qismlar, maishiy kir yuvish vositalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi. Kelgusi yilda esa birgina “Dererlop Textile” MChJ tomonidan 9 million AQSh dollarilik investisiya kiritilib, to`qimachilik mahsulotlari tayyorlash yo`lga qo`yilsa, “Nyu Best stayl” MChJ tomonidan 5,6 million dollarlik sarmoya hisobiga gulqog`oz va gulqog`oz elimi ishlab chiqarish loyihalari hayotga tatbiq etiladi.
Umuman, kelgusi yilda erkin iqtisodiy zonada aralash tolali kalava ip, tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish, zamonaviy issiqxona barpo qilish, viloyatda innovasion texnopark tashkil etish ko`zda tutilgan.
Har qatrasi oltinga teng
Sug`oriladigan erlar meliorativ holati va suv ta`minotini yaxshilash hosil taqdirini hal qiluvchi muhim omil hisoblanadi. Shu bois Xorazmda irrigasiya va meliorasiya borasida qator chora-tadbirlar belgilanib, ularning izchil ijrosi ta`minlanayotir.
Shunday loyihalardan biri Toshsoqa kanallar tizimida ro`yobga chiqarilmoqda. Prezidentimiz Xorazmga tashrifi chog`ida Toshsoqa magistral kanalida bajarilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishib, kanal atrofidagi erlarni obodonlashtirish, qishloq xo`jaligi ekinlari parvarishida suv sarfini kamaytirish chora-tadbirlarini qo`llash bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Hozirgi kunda viloyatda 276,7 ming gektar sug`oriladigan maydon bo`lib, uning 191,3 ming gektariga obihayot ushbu tizim kanallari orqali etib boradi. Boshqacha aytganda, Yangibozor va Gurlan tumanlaridan tashqari, barcha hududni shu tizimga kiruvchi kanallar suv bilan ta`minlaydi. Bu tizimga kiruvchi Toshsoqa, Shovot, Polvon-G`ozovot, G`ozovot kanallari o`tgan asrning 30 — 40-yillari oralig`ida qazilgan bo`lib, so`nggi yillarda ularda suv sathi pasayishi tufayli dalalarni suvning o`z oqimi bilan sug`orish imkoniyati cheklandi. Natijada obihayot ekin maydonlariga uch yuzdan ortiq nasoslar yordamida chiqariladigan bo`ldi. Bu esa fermer xo`jaliklari uchun ortiqcha mehnat, sarf-xarajat qilish, pirovardida etishtirilayotgan mahsulotlar tannarxi oshishiga, suv isrofgarchiligi va erlarning meliorativ holati yomonlashuviga olib kelayotgan edi.
— Islom taraqqiyot banki ishtirokida ro`yobga chiqarilayotgan Toshsoqa tizimi magistral sug`orish kanallarini qayta tiklash loyihasi ana shu muammolarni hal etishga qaratilgan, — deydi Quyi Amudaryo chap qirg`oq irrigasiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig`i Odilbek Tohirov. — Loyihaning asosiy maqsadi viloyatdagi magistral kanallarda suv oqimini to`sib, uning sathini mutanosiblashtiruvchi inshootlar qurish orqali o`zi oqar tizimga o`tkazish, ekin maydonlarini nasoslar yordamida sug`orish tajribasidan voz kechishni nazarda tutadi. Loyihaning umumiy qiymati 145 million AQSh dollariga teng bo`lib, shundan 90 million 370 ming dollari Islom taraqqiyot banki hissasiga to`g`ri keladi.
Xorazm sharoitida dehqonchilik qilishning o`ziga xos xususiyati bor. Ya`ni bu erda boshqa mintaqalarga nisbatan suv sarfi ko`proq bo`ladi. Boisi viloyatda ekin maydonlarining 58,2 foizi kam, 30 foizio`rtacha va 11,8 foizi kuchli darajada sho`rlangan. Ekin ekishdan oldin 2-3 marta dalaning sho`rini yuvishga to`g`ri keladi. Bu esa meliorasiya tarmoqlarining soz holda ishlashini ta`minlash, ularda doimiy ravishda rekonstruksiya, tizimli ta`mirlash va tiklash ishlarini olib borishni taqozo etadi.
— Viloyatimizda 2013 — 2017 yillarda Davlat dasturi asosida 7688 kilometr uzunlikda, qiymati 151 milliard 996 million so`mlik meliorativ tadbirlar o`tkazilib, 120 ming gektar maydonda er osti suv sathi hamda sho`rlanish darajasini pasaytirishga erishildi, — deydi Xorazm meliorativ ekspedisiyasi boshlig`i Beknazar Ganjaev. — Joriy yilda esa 27 ta loyiha bo`yicha 1795 kilometr uzunlikdagi meliorativ tarmoqlarda 46,3 milliard so`mlik rekonstruksiya, tizimli ta`mirlash va tiklash ishlari bajarildi.
Ekin maydonlari holatini yaxshilash uchun Davlat byudjeti mablag`lari hisobiga ana shunday ulkan hajmdagi ishlar bajarilayotgan bir paytda ayrim tumanlarda sholi etishtirishda kamchiliklarga yo`l qo`yilgani oqibatida er osti suvi sathining ko`tarilgani bor gap. Shu yili qariyb 30 ming gektar maydonda etishtirilgan sholi statistik hisobotda ko`rsatilmagan. Suv ta`minoti qulay hududlarda o`zboshimchalik bilan sholi ekinini joylashtirish natijasida g`o`za vegetasiyasi davrida Shovot, Qo`shko`pir, Xiva, Yangiariq tumanlarida suv tanqisligi yuzaga keldi. Oqibatda bu hududlarda paxta hosildorligi pasayib, aksariyat fermerlar shartnoma majburiyatini bajara olmadi.
Yurtboshimiz viloyatda sholichilik tarmog`idagi ahvolni tahlil qilib, bu yo`nalishda ilg`or xorijiy tajribalarni o`rganish, kam suv talab qiladigan texnologiyalarni joriy etish, Vetnam, Xitoy davlatlaridan mutaxassislarni jalb qilish bo`yicha topshiriq berdi. Ayni chog`da mazkur soha mutaxassislari, olimlar bilan hamkorlikda amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Oilalar uchun kutilmagan tuhfa
Qo`shko`pirdagi Oqdarband qishlog`i sug`orish tarmog`idan ancha uzoqda, xorazmliklar ta`biri bilan aytganda, suv yo`lining oxirida joylashgani bois dehqonchilik ishlari qo`shimcha mehnat, sarf-xarajat talab etadi. Yana qator salbiy omillar tufayli ushbu qishloq manzarasi ko`ngillarni xira qiladigan darajaga kelib qolgandi.
“Obod qishloq” dasturi doirasida bu erda keng ko`lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgach, u mutlaqo yangi qiyofaga kirdi.
— Qishlog`imizda 9,5 ming nafarga yaqin kishilar istiqomat qiladi, — deydi “Ittifoq” mahalla fuqarolar yig`ini raisi Olimboy Rahmonov. — Respublika ishchi guruhi va sektor rahbarlari uyma-uy yurib, 1500 dan ziyod xonadon egalari bilan yuzma-yuz muloqotda bo`ldi. Qishloqning infratuzilmasi, ijtimoiy soha ob`ektlari ahvoli va kommunal sohadagi muammolar “Yo`l xaritasi” asosida qisqa muddatda bartaraf etildi. Bu erda yashovchilarni turli millatga mansub fuqarolar tashkil qilishini inobatga olsak, “Obod qishloq” dasturining aynan mazkur hududda tatbiq etilishi, mamlakatimizda millatlararo totuvlik, o`zaro ahillikning yorqin namunasi, desak, mubolag`a bo`lmaydi.
Dastur doirasida ehtiyojmand oilalarni qo`llab-quvvatlash, ularning uy-joy sharoitlarini yaxshilash, bandligini ta`minlash, tibbiy ko`rikdan o`tkazish masalalariga ham alohida e`tibor qaratildi.
S. Masharipov xastalikka chalingach, turmush sharoiti og`irlashadi. U ro`zg`ordan orttirib uy-joyni ta`mirlashga imkon topa olmadi. Bugun ana shunday 20 ta ehtiyojmand oilaning uy-joylari ta`mirdan chiqarib berildi. Qishloqda yangilangan namunaviy loyihalar asosidagi 40 ta arzon uy-joy qurilishi ko`p yillardan buyon shaxsiy uyi bo`lishini orzu qilib kelayotgan oilalar uchun kutilmagan tuhfa bo`ldi.
— Bir hovlida uchta oila istiqomat qilayotganimiz tufayli farzandlarimizning dars tayyorlashi uchun etarli sharoit yo`q edi, — deydi Oshoqqal`a qishlog`ida yashovchi Gulandom Yodgorova. — Ancha yillardan beri oilamizga mos, ixcham, barcha qulayligi mavjud uy-joyga ega bo`lishni orzu qilardik. Tuman hokimligi qoshida tuzilgan komissiya oilaviy ahvolimizni o`rganib chiqib, arzon uy-joy sotib olishga tavsiyanoma berdi. Qishlog`imizda barpo etilgan ikki sotix maydonga ega, bir qavatli, uch xonali uyga ko`chib kirdik. Bundan qanchalik quvonchga to`lganimizni so`z bilan ta`riflash qiyin.
— Yoshim to`qsondan oshdi, umrimning ko`p qismi dalada, dehqonchilikda o`tdi,— deydi Sulton bobo Davlatov. — Qishlog`imiz tarixida hali bunday miqyosda qurilish va obodonlashtirish ishlari bo`lgan emas. Kundan-kunga obod bo`layotgan uy-joylarni, ko`chalarni, hayotimizdagi o`zgarishlarni ko`rib, keksayu yoshning bahridili ochilmoqda. Qishlog`imizdagi maktabgacha ta`lim muassasasi chorak asrdan bu±n faoliyat ko`rsatmasdi, binosi ham tashlandiq holga kelib qolgandi. Qisqa muddat ichida ta`mirlanib, zamon talablari asosida qayta jihozlangan ushbu muassasa 130 nafar bolajonni o`z bag`riga oldi. Qo`shni mahallada 150 o`rinli yana bitta maktabgacha ta`lim muassasasi bunyod etildi. Shuningdek, 2 ta umumta`lim maktabi ham ta`mirlash ishlaridan keyin butunlay yangicha qiyofaga kirdi.
Qishloqning 300 o`rinli madaniyat saroyi binosi ham ancha yillardan beri qarovsiz ahvolda yotgan edi. U mukammal ta`mirlanib, madaniyat va dam olish uyi sifatida elga xizmat qila boshladi. Yoshlar mehnat guzari, kutubxona, hammom, go`zallik saloni kabi infratuzilma ob`ektlari qisqa muddatlarda qurilib foydalanishga topshirildi. Tadbirkor Komiljon Nurimovning sa`y-harakatlari bilan non mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona ochildi. Qishloqdagi 3 ta mahallada sun`iy qoplamali maydon bunyod etilgani esa sportsevar yoshlarni behad quvontirdi.
Xorazmning “tashrif qog`ozi”ga aylanadi
Vatan ozodligi yo`lida jonini fido qilgan dovyurak sarkarda, jahon xalqlari tarixida o`chmas iz qoldirgan milliy qahramon, xorazmshohlar davlatining so`nggi hukmdori Jaloliddin Manguberdi to`g`risida XIII asrdan to hozirgi kunga qadar yozilgan kitoblarning soni ming jilddan ortiqni tashkil etadi. Shuning o`zi ham uning shavkatli nomi beqiyos sharaf va ehtiromga loyiq ekanini ko`rsatadi. Sobiq tuzum davrida u to`g`risida yozishga yo`l qo`yilmadi, uzoq o`tmish qa`rida bu nom goh unutildi, yashirin tutildi, tarixini o`rganish taqiqlandi.
Bugun bobomiz nomi xalqimiz tomonidan ulug`landi. Mamlakatimizda ko`cha va xiyobonlarga sarkarda nomi berildi, “Jaloliddin Manguberdi” ordeni ta`sis etildi. Endilikda Urganch shahri markazidagi Al-Xorazmiy va Pahlavon Mahmud ko`chalari kesishmasida bunyod etiladigan, sahni 3,5 gektarni tashkil qiluvchi memorial bog`da Jaloliddin Manguberdi haykali o`rnatiladigan bo`ldi.
— Haykal sarkarda jasorati va shonu shavkatiga mos holda mahobatli bo`lishi, bu maydon Prezidentimiz ta`biri bilan aytganda, Xorazmning “tashrif qog`ozi”ga aylanishi kerak, — deydi tarix fanlari doktori, professor Ozod Masharipov. — Shu bois tarixchi olimlar, arxitektorlar, quruvchilar maslahatlashib, maydonni chuqur mazmunli, chiroyli, jozibali qilish uchun umumiy echimga kelamiz. Kelajakda bu majmua barcha katta qiziqish bilan tashrif buyuradigan maskanga aylanadi.
Unutilmas voqea
Bugun qishloq joylarda maktabgacha ta`lim muassasalari sonini oshirishni taqozo qilmoqda. Bu, birinchidan, bolalarning umumiy savodini chiqarish, dunyoqarashini kengaytirish imkonini bersa, ikkinchi tomondan, yosh bolali onalarning mehnat qilish, oila daromadini oshirishiga sharoit yaratadi.
Viloyatda nodavlat ta`lim muassasalari tarmog`ini rivojlantirish masalalariga ham katta e`tibor qaratilmoqda. Joriy yil sentyabr oyida faoliyat boshlagan “Nihol” innovasion maktabi boshlang`ich sinflarga mental arifmetikani o`rgatishga ixtisoslashtirilgan. Bu erda ingliz, rus tili fanlari chuqurlashtirilgan tartibda o`qitiladi. O`quvchilar bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida shaxmat to`garagi ochilgan. Kelasi o`quv yili uchun maktabga tayyorlov guruhlari ish boshlagan.
Maktab qurilishiga 3 milliard 350 million so`m mablag` sarflangan bo`lib, 19 ta fan xonasi, kutubxona, oshxona, sport zali, hamshira va o`qituvchilar xonalari, faollar zali mavjud. Hozirgi kunda 582 nafar boshlang`ich sinf o`quvchisi mashg`ulotlarga jalb qilingan.
— Ta`lim muassasamiz 250 o`ringa mo`ljallangan, yana 500 o`rinli yangi o`quv binosiga ehtiyoj bor, — deydi mazkur maktab direktori Umida Sobirova. — Shu bois maktabimiz yonidan qo`shimcha er maydoni va 6 milliard so`mlik imtiyozli kredit olish niyatidamiz. Yangi o`quv binosini qurib, ishga tushirsak, yana 50 ish o`rni yaratiladi. Prezidentimiz tashrifi chog`ida maktabdagi sharoitni ko`zdan kechirar ekan, bizning tashabbusimizni qo`llab-quvvatladi, o`quv muassasamizga yangi avtobus va o`quvchilarimizga planshetlar sovg`a qilindi. Bu barchamiz uchun unutilmas voqea bo`ldi.
Umuman, Yurtboshimizning Xorazm viloyatiga tashrifi ushbu hududaholisining kayfiyatini ko`tardi, ertangi kunga bo`lgan ishonchini yanada mustahkamladi.






