AsosiySiyosat

Senat raisi: O`zbekiston milliy yuksalish davriga qadam qo`ydi

'Senat raisi: O`zbekiston milliy yuksalish davriga qadam qo`ydi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining o`n ettinchi yalpi majlisida Senat raisi Nig`matilla Yo`ldoshev ma`ruza qildi.

Senat raisi Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan, Asosiy qonunimiz negizida yaratilgan Harakatlar strategiyasi bugungi kunda jonajon Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko`tarishda, innovasion va industrial rivojlanish sari odimlashda beqiyos o`rin egallayotganini qayd etdi. Xalq bilan doimiy muloqotda bo`lish, odamlarning tashvish - muammolarini hal etish va ularni rozi qilish faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.

Bu yo`lda amalga oshirilayotgan tub islohotlar va ularning samaralari qisqa davrda jahon jamoatchiligining nazariga tushdi, jamiyatimizdagi tarixiy o`zgarishlar dunyo miqyosida e`tirof etilmoqda.

Eng muhimi, jamiyatning qaysi jabhasida va qanday ko`lamda bo`lmasin, har qanday islohot zamirida, avvalo, inson manfaati yotibdi.

Shu bois jahondagi eng nufuzli xalqaro tashkilotlar va etakchi davlatlar O`zbekistonning yangi va dadil qadamlarini hamda xalqchil siyosatini olqishlamoqda, o`zining samimiy xay-rixohligini amalda namoyon etmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Davlatimiz rahbarining tashabbuslarini qo`llab- quvvatlab, Orolbo`yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo`yicha ko`p tomonlama sheriklik asosida Trast fondini tashkil etish to`g`risida qaror qabul qildi.

Bu bilan davlatimiz tom ma`nodagi global muammo echimiga butun dunyo e`tiborini qaratishga nihoyat muvaffaq bo`ldi.

Prezidentimizning sa`y-harakatlari bilan ushbu hududda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni samarali ro`yobga chiqarish maqsadida kelgusi ikki yilda 1,5 mlrd. dollarlik 800 ga yaqin loyihani amalga oshirish ko`zda tutilgani tom ma`nodagi insonparvarlik siyosatining isbotidir.

Davlatimiz rahbarining yana bir tashabbusi ma`qullanib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafe`ligida tariximizda ilk marotaba Samarqandda o`tkazilgan Inson huquqlari bo`yicha Osiyo forumi yurtimiz tarixini o`ziga xos sahifa bilan boyitdi.

Shunga ham alohida e`tibor qaratish joizki, Samarqanddagi Forum jarayonida Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasi hamda Evropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demo- kratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi o`rtasida o`zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.

Mazkur Memorandum parlament qonun ijodkorligi va nazorat faoliyatini yana bir yangi bosqichga olib chiqadi.

Xulosa qilib aytganda, xalqaro hamjamiyat tomonidan inson taraqqiyoti yuqori darajada rivojlangan mamlakat sifatida e`tirof etilayotgan O`zbekiston misli ko`rilmagan milliy yuksalish davriga qadam qo`ydi.

    Boshqa yangiliklar