Jismoniy tarbiya va sport, Xalq ta`limi vazirliklari hamda O`zbekiston shaxmat federasiyasi tomonidan respublikamizdagi barcha umumiy o`rta ta`lim maktablarida shaxmatga o`qitishni bosqichma-bosqich qamrab olish, yuqori malakali murabbiy kadrlarni tayyorlash, shaxmat klublari va umumiy o`rta ta`lim maktablari shaxmat sinflarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo`yicha rejali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan respublikamizning turli hududlaridagi 150 ta umumiy o`rta ta`lim maktablarining o`quvchilarini tajriba tariqasida shaxmatga o`qitish yo`lga qo`yildi.
Umumta`lim maktablari o`quvchilarini shaxmatga yanada qiziqtirish, ularga shart-sharoit yaratish maqsadida umumta`lim maktablarida shaxmat xonalari tashkil etilmoqda.
.jpg)
Shunday xonalardan biri Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 13-davlat ixtisoslashtirilgan umumta`lim maktabida tashkil qilindi. Ushbu muassasada bugungi kunda 2400 nafardan ortiq o`quvchi tahsil olayotgan bo`lib, ulardan 50 nafardan ortig`i shaxmat sport klubiga jalb qilingan.
Ta`kidlash joiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-avgustdagi «O`zbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori bilan yurtimizda ushbu sport turini yanada ommalashtirish bo`yicha amalga oshirilishi lozim bo`lgan ishlar belgilab berilgan edi.






