1

Markaziy bank davlat qimmatli qog`ozlarini muomalaga chiqarish sanasini e`lon qildi

Iqtisodiyot 20.12.2018, 11:17
Markaziy bank davlat qimmatli qog`ozlarini muomalaga chiqarish sanasini e`lon qildi

2018 yilning 26 – 28 dekabr kunlari Moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda davlat qimmatli qog`ozlari bilan operasiyalarni amalga oshirish amaliyotini qayta yo`lga qo`yadi. Qimmatli qog`ozlar bir million so`mlik nominal qiymatida 6 oylik, 1 yillik hamda 3 yillik muddatlar uchun muomalaga chiqariladi. Bu haqida Markaziy bankning axborot xizmati xabar berdi.

Davlat qimmatli qog`ozlari O`zbekiston Respublikasi Hukumati tasarrufida bo`lgan barcha aktivlar bilan ta`minlangan va O`zbekiston Respublikasi rezidentlari bo`lgan tijorat banklari va yuridik shaxslar o`rtasida joylashtiriladi. Uning foiz to`lovlari Moliya vazirligi tomonidan, muomalaga chiqarish shartlariga muvofiq, ularning to`liq amal qilish muddatlari davomida amalga oshiriladi va davlat qimmatli qog`ozlari bo`yicha foizli daromadlar daromad solig`idan ozod etiladi.

Mazkur qimmatli qog`ozlarning likvidligi ularning ikkilamchi bozorda sotish imkoniyati bilan ta`minlanadi. Bunda investorda pul mablag`lariga ehtiyoj vujudga kelgan holatda, ular o`zlariga tegishli davlat qimmatli qog`ozlarini ikkilamchi bozorda hech qanday cheklov va xarajatlarsiz sotish imkoniyatiga ega bo`ladilar. O`z navbatida, Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda ularni ikkilamchi bozorda doimiy muomalada bo`lishini qo`llab-quvvatlash orqali davlat qimmatli qog`ozlarining yuqori likvidliligini ta`minlaydi ya`ni ikkilamchi bozorda ularga talab bo`lmagan hollarda Markaziy bank ularni sotib oladi.

Davlat qimmatli qog`ozlarining birlamchi joylashtirish Moliya vazirligi topshirig`i bilan Markaziy bank tomonidan auksion o`tkazish orqali amalga oshiriladi.

Xabarda qayd etilishicha, davlat qimmatli qog`ozlari savdo yakunlari to`g`risidagi ma`lumotlar Markaziy bank va O`zbekiston Respublikasi valyuta birjasining rasmiy veb-saytlarida e`lon qilib boriladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1