Prezident Shavkat Mirziyoev “Steel property construction” qo`shma korxonasining ishlab chiqarish quvvatlarini ko`zdan kechirdi.
Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati ma`lum qildi.
Bir nechta sexlardan iborat bu korxona Yashnobod tumanidagi sobiq aviasiya zavodiga qarashli foydalanilmay yotgan binolarda ish boshlagan. Xorijdan texnologiyalar olib kelinib, bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo`lga qo`yilgan.
Masalan, «Dacros» korxonasi Evropa texnologiyasi asosida temir eshiklar tayyorlashga ixtisoslashgan. Bu eshiklar ko`p qavatli turar joylar yo`laklari, namunaviy uylarga o`rnatilmoqda.
Yana bir binoda Niderlandiya texnologiyasi asosida turli o`lchamdagi metall konstruksiyalar ishlab chiqarish tashkil etilgan. Bu erda yiliga 24 ming tonna metall mahsulotlar bilan birga sendvich panellar, bruschatkalar, yo`l cheti to`siqlari, isitish radiatorlari tayyorlanadi. Ichki bozordan tashqari qo`shni mamlakatlar mahsulotning asosiy bozori hisoblanadi. Korxonada 440 ish o`rni yaratilgan.
“Midas agrotech” korxonasida zamonaviy issiqxona majmualari uchun konstruksiyalar, shuningdek, quyosh nuridan himoyalovchi to`rlar, plastik yashiklar, polietilen plyonka kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi.
"Bektemir metall konstruksiyalari” korxonasida yo`l to`siqlari, yoritish ustunlari, qurilish konstruksiyalari, elektr payvandlangan quvurlar tayyorlanadi.
Davlatimiz rahbari mazkur sexlardagi ishlab chiqarish jarayonini kuzatdi. Mahsulotlar sifati va bozori bilan qiziqdi.
Bektemir tumanidagi «Binokor» mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar namoyish etildi.
Prezidentimiz mazkur korxona tomonidan ishlab chiqarilgan temir-beton panellardan namuna sifatida qurilgan xonalarga kirib ko`rdi. Ko`p qavatli uylarni tez muddatlarda qurish, aholini uy-joy bilan ta`minlash uchun bunday korxonalar juda zarurligini ta`kidladi. Shu yo`nalishga ixtisoslashgan korxonalarni ko`paytirish va kadrlar tayyorlash bo`yicha topshiriqlar berdi.
Shu erda Toshkent shahri iqtisodiyotiga xorijiy investisiyalarni jalb etish, yangi korxonalar tashkil etishga doir loyihalar taqdimoti o`tkazildi. 2019 yilda poytaxtimizga 2 milliard 700 million dollar miqdorida investisiya kiritilishi, bu mablag` sanoat, qurilish, xizmat ko`rsatish va boshqa sohalarga yo`naltirilishi ma`lum qilindi.