AsosiySUG'DIYONA

​Oqshom malikasiga aylaning!

'​Oqshom malikasiga aylaning!'ning rasmi

Demak qo`l ostimizdagi vositalar yordamida oqshom malikasiga aylanishni boshlaymiz!

Yuz terisi parvarishi

Bayram kuni oila azolaringizni, turmush o`rtog`ingizni o`z jozibangiz bilan lol qoldirish istagidamisiz? U holda bugundan ishga kirishing. Birinchi topshiriq – yuz terisini parvarishlash. Yuzingiz so`lg`in bo`lib, teringiz sovuqdan qurib ketayotgan bo`lsa, namlantiruvchi niqoblar tavsiya etiladi: 1 osh qoshiq asal, 1 dona tuxum sarig`i, 1-2 tomchi limon suvi, 1 choy qoshiq smetanani aralashtirib, yuzingizga surting va 20 daqiqadan so`ng iliq suvda yuving.

Uyqudan avval 1 osh qoshiq smetanaga, 1 choy qoshiq kartoshka kraxmali va bir bo`lak banan aralashtirib, yuz terisiga surting va 20 daqiqadan so`ng iliq suvda chaying. Mana shu niqoblarni yangi yilga qadar kunora qo`llasangiz, so`lg`igan yuz terisi tiniqlashib, silliqlashadi.

Pardoz qilamiz!

Yuzdagi dog` va sepkillarni tonal kremi yordamida berkitish mumkin. Agar yuz terisida husnbuzardan qolgan chuqurchalar bo`lsa, avval pardoz asosi uchun mo`ljallangan krem surting.

Oqshom pardozi uchun yorqin, yaltiroq, kulrang tenlar tavsiya etiladi. Avval qovog`ingizni kulrang va oq yaltiroq ten bilan bo`yang. So`ng yog`li yoki suyuq qalam bilan yuqori kiprik ustidan chiziq torting. Kipriklaringizga tush surtish esdan chiqmasin. Maslahatimiz, uzaytiruvchi va qalinlashtiruvchi tushdan foydalaning.

Pardozning so`nggi bosqichida labingizga urg`u bering. Lab bo`yog`ini surtishdan avval yumshatuvchi balzamdan foydalanishni unutmang. Bu lab bo`yog`ining uzoq vaqtgacha saqlanib turishini ta`minlaydi. Bayram kechasi uchun qizil, jigarrang, binafsha rang lab bo`yoqlari tavsiya etiladi. Ishni yuzga maxsus sprey sepish bilan yakunlaymiz. Bu sprey pardoz uzoq vaqt saqlanishini ta`minlaydi.

Soch turmagi muammo emas!

Oshxonada pishir-kuydirni boshlashdan avval, nam sochlarga begudi burab, ustidan ro`mol o`rab oling. Yumushlardan bo`shagach, begudilarni yig`ishtirib olsangiz bo`lgani. Qarabsizki, jingalak kokillar jilolanib turibdi. Sochlaringizni bayramdan bir hafta oldin bo`yaganingiz ma`qul. Chunki bo`yalgan sochlarda har qanday turmak tovlanib turadi.

Bayramni hamkasblaringiz bilan nishonlayotgan bo`lsangiz, unda sochingizga muss surtib, uchigacha engil uqalab chiqing. Sochlar mayda jingalak bo`lgach, lak sepsangiz, bazmning so`nggigacha turmagingiz saqlanib turadi.

Libos tanlaymiz

Bayram kechasiga yangi ko`ylak xarid qilish imkoni bo`lmasa, kiyim javoningizni ko`zdan kechiring. Yorqin rangli, ortiqcha bezaksiz ko`ylagingiz bo`lsa, shuni kiyganingiz ma`qul. Dizaynerlar kelayotgan 2019 yilda och sariq, limon, tilla rang, jigarrang hamda qaymoq ranglar urfga kirishini aytishmoqda. Lekin eng to`g`ri tanlov — chiroyli, harakatlanish uchun qulay bichimdagi libosdir.

Bizning tavsiya

Bayram kechasi uchun tanlagan ko`ylagingiz nafaqat qomatingiz, balki xarakteringizga ham mos kelsin. Masalan, tabiatan romantik ayollarga engil va etagi keng, ochiq rangdagi liboslar tavsiya etiladi.

Qomatingizdan uyalasizmi? Xavotirlanmang, bu muammo emas. Dizaynerlar qomatni chiroyli ko`rsatish uchun to`g`ri trapesiya bichimidagi ko`ylaklarni tavsiya etishadi.

Klassik uslubni yoqtirsangiz yupqa velyur matosidan, etagi «fransuz» bichimida tikilgan ko`ylak kiying. Ha-ya, to`ng`iz yilida qora velyur gazlamasi urfda bo`ladi.

Umuman olganda, kelayotgan yangi yilda yorqin liboslar urfga kiradi. Qanday libos kiyishingizdan qat`i nazar, yangi yilni oilangiz bag`rida baxtiyorlik hissi bilan kutib oling.


Shahlo Shirmuhamedova

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar