AsosiySiyosat

Prezident Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar bo`limida tashkil etilgan zamonaviy tizim bilan tanishdi

'Prezident Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar bo`limida tashkil etilgan zamonaviy tizim bilan tanishdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 10 yanvar kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar bo`limiga tashrif buyurdi, deb xabar berdi davlat rahbarining matbuot xizmati.

— Tinchlik va sog`likni ta`minlasak, qolgan hamma narsaga erishamiz, - deydi davlatimiz rahbari. Shu maqsadda mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jamoat tartibini ta`minlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi. Keyingi ikki yilda sohaga doir 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi.

Jumladan, ichki ishlar organlari barcha bo`g`inlarining tuzilmasi va vakolatlari qayta ko`rib chiqilib, xodimlarning 65 foizi aholiga yaqin bo`lishi uchun mahallalarda ishlaydigan bo`ldi. Asosiy e`tibor jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasiga qaratildi. Buning uchun profilaktika inspektorlari soni qo`shimcha 1 ming nafarga ko`paytirildi, ularning bevosita joylarda samarali xizmat o`tashi uchun munosib ijtimoiy-maishiy sharoit yaratib berildi.

“Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz turizm”, “Xavfsiz xonadon” tizimlari joriy etilgani, 24 soat patrullik xizmati yo`lga qo`yilgani natijasida odamlarda “adolat va qonun ustuvorligi”ga ishonch paydo bo`ldi.

O`zbekiston Prezidentining 2018 yil 14 fevraldagi qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimi joriy etildi.

Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar bo`limida ham shunday zamonaviy tizim tashkil etilgan. Tezkor navbatchilik qismi, profilaktika bo`linmasi, tergov bo`linmasi, jinoyat qidiruv bo`linmasi, pasport xizmati, psixolog faoliyati, yong`in xavfsizligi, tez yordam, favqulodda yordam va boshqa xizmatlar bir joyda mujassamlashgan. Shuningdek, xotin-qizlar bilan yaqindan ishlash uchun ayol inspektorlar faoliyati yo`lga qo`yilgan.

Tezkor navbatchilik qismiga hududni tunu kun nazorat qilish imkonini beradigan videokuzatuv tizimi joriy etilgan. Bo`lim tumandagi 7 ta mahallada yashovchi aholiga xizmat ko`rsatadi.

Prezidentimiz poytaxt ichki ishlar organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida tashkiliy-shtat bo`linmasini maqbullashtirish loyihasi bilan tanishdi. Unga ko`ra, ichki ishlar xodimlarining 86 foizini quyi bo`g`inga tushirish, tuman hokimligi, prokuraturasi, soliq inspeksiyasi va boshqa idoralar bilan hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari bu taklifni ma`qullab, jinoyatchilikning oldi olinishi, buni odamlar sezishi uchun pastda tizim mustahkam bo`lishi zarurligini ta`kidladi.

– Profilaktika ishlari tahlilga asoslanishi kerak. Har bir huquqni muhofaza qilish organida jinoyatchilikning joyi va turi bo`yicha chuqur ma`lumot bo`lishi, buning uchun davlat idoralari, jamoat tashkilotlari muntazam birga ishlashi zarur. Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, prokuratura – hammasi xalqqa xizmat qilishi kerak. Shu bilan birga, jamiyatda ham jaholatga qarshi ma`rifat kuchli bo`lishi lozim. Muhit shunday bo`lishi kerakki, hech kim jinoyatga qo`l ura olmasin, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Prezidentimiz profilaktika inspektorlarini faoliyat samaradorligiga qarab rag`batlantirish, professionallik darajasini oshirish masalasiga alohida e`tibor qaratdi. Profilaktika inspektorlari va ularning o`rinbosarlarini o`qitish, malakasini oshirish bo`yicha Toshkent davlat yuridik universitetining maxsus filialini tashkil etish zarurligini ta`kidladi.

Shu erda tezkor navbatchilik qismidagi innovasion texnologiyalar, ichki ishlar xodimlarining o`zaro xabar almashishini ta`minlaydigan «Minor» dasturi, xodimlar xizmat o`tayotgan joy to`g`risida axborotni ko`rsatish va tashvish xabarini jo`natish uchun mo`ljallangan «UzGPS» tizimi haqida ma`lumot berildi.

    Boshqa yangiliklar