1

O`zbekistonda yosh olimlar faoliyatidagi muammo va echimlarga bag`ishlangan ochiq muloqot bo`lib o`tdi

Jamiyat 16.01.2019, 10:14
O`zbekistonda yosh olimlar faoliyatidagi muammo va echimlarga bag`ishlangan ochiq muloqot bo`lib o`tdi

O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida «O`zbekistonda «Yosh olimlar» faoliyatida muammo va echimlar yoshlar tahlilida” mavzusida «Yoshlar press klubi»ning navbatdagi sessiyasi bo`lib o`tdi.

Unda O`zbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi «Respublika yosh olimlar Kengashi» nodavlat notijorat tashkiloti direktori – Kamoliddin Mirzaaxmedov, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi «Yosh olimlar» Kengashi direktor o`rinbosari – Gulsanam Tillaeva, O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovasion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktor o`rinbosari – Akbarxon Sobirxonov va Intellektual mulk agentligi mutaxassisi – Sherzod Abdunabievlar spiker sifatida qatnashdi.

Mazkur muloqotda yosh olimlar faoliyatidagi muammo va echimlarni bartaraf etish va mustaqil izlanuvchilarning ilmiy-nazariy hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlarining natijadorligini oshirish, ishlab chiqarishni samarali tashkil etish eng asosiysi esa, ularning ilm-fan yutuqlariga bo`lgan qiziqishlarini qo`llab-quvvatlashning samarali tizimini joriy etishga alohida e`tibor qaratildi.

—Amaliyotda ishlab chiqarish sub`ektidagi muammolarni ulardan kelib chiqqan holda kadr tayyorlash, mana shu nazariyaning bozorga xizmat qilish mexanizmini qayta ko`rib chiqish masalasi ustida ish olib borilyapti. Shuningdek, Oliy ta`lim muassasalarining ham o`quv bilan birga moddiy texnik bazasi ham o`rganib chiqildi. Hattoki, «3+1» loyihasi ya`ni 3 yil nazariy ta`lim, 1 yil amaliy ta`lim tizimiga o`tish yo`li va amaliyot soatlarini ko`paytirish kabi bir necha takliflar berildi. Viloyatlarda ilm-fan sohasi bo`yicha tahsil olayotgan yoshlar amaliyot masalasi yuzasidan juda ko`p murojaat qilishadi. Jumladan, talabalar amaliyot ob`ektining bittaligi sabab yangi texnologiyalar ishlab chiqaruvchi joylarda samarali amaliyot o`tash tashabbusini bildirishadi, – deydi «Respublika yosh olimlar Kengashi» nodavlat notijorat tashkiloti direktori – Kamoliddin Mirzaaxmedov.

Tadbir davomida O`zbekiston Respublikasida ilm-fan sohasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olimlarga berilayotgan e`tibor, ularning faoliyatidagi mavjud muammolar hamda zamonaviy ilm-fanni puxta o`zlashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar xususida fikr-mulohazalar yuritildi.Yosh olimlar bilan ishlashda innovasion klasterga o`tish kerakligi ta`kidlandi. Chunki buorqali ixtiro qilingan texnologiyaning amaliyotga tatbiq etilishi osonlashadi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan innovasion grantlar ajratilishi bilan bog`liq kamchiliklar mavjudligi aytib o`tildi. Bunga javoban, sanoat sub`ektlarining ham, ishlab chiqarish sub`ektlarining ham innovasion loyihalarini joriy etilishi maqsadga muvofiq deb topildi.

— Ta`lim muassasalari uchun davomatni monitoring qiluvchi elektron tizim, elektron kutubxona, pochta xizmatining avtomatlashtirilgan tizimi, sharqshunoslik sohasida noyob kitoblarni o`zbek, uyg`ur va rus tillariga tarjima qiluvchi mobil ilovalar yaratuvchilariga mualliflik huquqi guvohnomasining topshirilishi yosh olimlarni qo`llab-quvvatlashning yorqin namunasidir, – deydi Intellektual mulk agentligi mutaxassisi Sherzod Abdunabiev — 2019-yil 26 aprel Xalqaro intellektual mulk kunida ham bir qator yosh olimlar uchun maxsus guvohnomalarni taqdim etishni rejalashtirganmiz.

Muhokamada vazirlik, muassasa va tashkilotlar o`rtasida yosh olimlar bilan ishlashda ijtimoiy hamkorlikning mohiyati bilan bog`liq masalalar o`rtaga tashlandi.

Bundan tashqari tadbirda nazariya va amaliyot o`rtasidagi muammolarni bartaraf etishdagi muhim mexanizmlarni joriy etish, O`zbekistonning global innovasiyalar indeksida yuqori o`rinlarni egallashi uchun zarur sharoitlar yaratishga doir mulohazalar va yosh olimlarni qo`llab-quvvatlashga doir zarur takliflar bildirildi.

Muloqot yakunida ishtirokchilar o`zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.

Shahnoza Nurullaeva

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1