1

Adliya vazirligi tomonidan nogironlikni belgilash sohasi o`rganildi

Jamiyat 19.01.2019, 10:30
Adliya vazirligi tomonidan nogironlikni belgilash sohasi o`rganildi

Adliya vazirligi Sog`liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda hududlardagi tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (keyingi o`rinlarda — TMEK deb yuritiladi) tomonidan fuqarolarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish hamda nogironlikni belgilash bilan bog`liq faoliyatini tahlil qildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati ma`lum qildi.

Tahlil ushbu sohada fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga sabab bo`luvchi o`z echimini kutayotgan bir qator masalalar mavjudligini ko`rsatmoqda.

Birinchidan, davolash profilaktika muassasalarida mutaxassislar va tibbiy uskunalar etishmaydi.

Davolash-profilaktika muassasalarida shifokorlar (nevropatolog, okulist, xirurg va hokazo) etishmasligi hamda shtat birligi kamligi sababli ularning ish vaqtlarining turlicha qilib belgilanganligi natijasida fuqarolar TMEKlar tomonidan dastlabki tibbiy ko`rikdan o`tish uchun asos bo`ladigan 088/u-tibbiy ma`lumotnomasini to`ldirish uchun o`rtacha 8—10 kun vaqt sarflamoqda.

Ikkinchidan, sohadagi ayrim munosabatlar tartibga solinmagan, qonun hujjatlaridagi ba`zi tartibotlar fuqarolar manfaatlariga to`g`ri kelmaydi. Qonunchilikda belgilangan muddatlardan oldin TMEKlar tomonidan dastlabki tibbiy ko`rikdan o`tkazish uchun asos bo`ladigan kasalliklar belgilari va ro`yxatlari tasdiqlanmagan.

Natijada davolash profilaktika muassasalari tomonidan ayrim hollarda nogironlik belgilari aniq ko`rinib turgan shaxslar (bosh miya insulti, buyrak saratoni, bosh miya o`smasi va hokazo) faoliyatining to`liq buzilishi shuningdek noxush klinik prognozli bemorlardan ham stasionarlarda 4, 6 yoki 10 oy davomida davolanish talab qilingan.

Bundan tashqari, fuqarolar nogironlik holatini belgilash uchun asos bo`ladigan kasalliklarga chalingan bo`lishiga qaramasdan, ko`rsatilgan muddatlarda stasionarlarda davolanmaganligi sababli ularga nogironlik belgilanmayapti.

Uchinchidan, soha faoliyatida huquqni qo`llash amaliyoti barqaror emas.

TMEKlar faoliyatining etarlicha muvofiqlashtirilmasligi natijasida, ayrim hollarda davolanish samara bermaydigan kasallikka chalingan (bosh miya falaji, bolalar serebral falaji, qo`l va oyoqning amputasion cho`ltoqligi va hokazo) bemorlar yillar davomida qayta-qayta tibbiy ko`rikdan o`tkazilgan.

O`rganish davomida adliya organlari tomonidan TMEKlar faoliyatida 300 dan ortiq qonun buzilishi holati aniqlandi. Mazkur qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida ularga yo`l qo`ymaslik maqsadida adliya organlari tomonidan 50 ta taqdimnoma hamda ma`muriy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar kiritildi. Ta`sir choralari natijasida intizomiy javobgarlikka 63 nafar, ma`muriyga esa 5 nafar shaxs tortildi.

To`rtinchidan, TMEKlarda ayrim turdagi mutaxassislar etishmaydi (pediatr, oftalmolog), aksariyat hollarda nogironlik fuqarolar murojaat qilganidan so`ng belgilangan.

Nogironlik belgilari aniq ko`rinib turgan shaxslar, shuningdek noxush klinik prognozli bemorlarni aniqlash bo`yicha etarlicha monitoring olib borilmasligi sababli, ba`zi hollarda chekka hududlarda istiqomat qiluvchi jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (sezgi) nuqsonlari bor shaxslarga nogironlik belgilanmasdan qolib ketgan.

Tahlillarga ko`ra, 2018 yilning 10 oyida davomida TMEKlar tomonidan belgilangan jami 42 499 ta nogironlik holatining atigi 275 tasi nogironlik belgilari aniq ko`rinib turgan shaxslar, shuningdek noxush klinik prognozli bemorlar hissasiga to`g`ri keladi.

Ta`kidlash lozimki, adliya organlari sa`y-harakati bilan chekka va olis hududlarda istiqomat qiluvchi 100 dan ortiq nogironlik holati aniq ko`rinib turgan shaxslar TMEKlar tomonidan belgilangan muddatlardan oldin tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, tegishli nogironlik guruhlari belgilandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1