Buyuk Britaniyaning Legatum Institute tadqiqot markazi tomonidan jahon mamlakatlari rivojlanganlik reytingi chop etildi. Bu haqda Daryo.uz xabar bermoqda.
Reytingida birinchi o`rinni ketma-ket oltinchi yil Norvegiya egallagan. Keyingi pog`onalarda Shveysariya, Yangi Zelandiya, Daniya, Kanada, Shvesiya, Avstraliya,Finlandiya, Niderlandiya va AQSh kabi davlatlar bormoqda.
E`tiborlisi, O`zbekiston ushbu reytingda 57-pog`onani egallab turibdi. Bu reyting e`lon qilina boshlangan 2009 yildan beri O`zbekistonning eng yuqori ko`rsatkichidir. Bungacha O`zbekiston 2009 yilda 65, 2010 yilda 76, 2011−2012 yillarda 64 va 2013 yilda 63-o`rinda ko`rsatilgan.
MDH mamlakatlaridan Qozog`iston 55, Ukraina 63, Rossiya 68, Qirg`iziston 74, Ozarbayjon 79, Tojikiston 94-o`rinlarda ko`rsatilgan. Reytingning so`nggi pog`onalarida Gaiti, Togo, Afg`oniston, Yaman, Burundi, Kongo Demokratik Respublikasi, Chad va Markaziy Afrika Respublikasi bormoqda.
Ko`plab rivojlangan mamlakatlar vakillari tomonidan yuqori baholangan ushbu reyting davlatlarning makroiqtisodiy ko`rsatkichlari, yalpi ichki mahsulot miqdori, shuningdek, mamlakat rivojlanishiga hissa qo`shadigan alohida omillar kabi 89 ta turli yo`nalish tahlili asosida tuziladi.
Iqtisodiyot, tadbirkorlik, boshqaruv, ta`lim, sog`liqni saqlash, xavfsizlik, shaxs erkinligi va ijtimoiy kapital bo`yicha alohida reytinglar ham tuzilgan. 2014 yilgi reytingdan jami 142 davlat o`rin olgan.





