Bugun qo`lda maktub bitish uzoq o`tmishga aylanib qolgandek. Nafaqat oddiy odamlar, balki yozuvchilaru jurnalistlarning ham ko`pchiligi bugun qog`oz, qalamdan yiroqlashdi. Uyali telefonlarning kichik katakchalari yoxud kompyuter klaviaturasida harf terishga barmoqlarimiz moslashib ketdi. Vaholanki, qo`lda yozishning bir qator afzalliklari, hatto sog`liqqa foydali jihatlari borligini olimlar isbotlashgan.
- Qo`lda yozish miya yarim sharlari faolroq ishlashiga turtki bo`ladi. Diqqatni jamlash, hissiyotlarni jilovlash oson kechadi va jumlalar qog`ozga ravon tushadi.
- Qo`lda yozilgan ma`lumotlar, xat-xabarlar xotirada yaxshi saqlanib qoladi. Shu sabab ham ta`lim muassasalarida o`quvchi va talabalarga dars mavzulari va uy vazifalarini qo`lda yozish so`raladi.
- Yosh bolalarning barmoqlar motorikasi rivojlanishi hamda nutqi tezroq chiqishiga ham qo`l bilan yozish ko`mak beradi.
- Inson xatiga qarab, shifokorlar unda qanday xastaliklar mavjudligini taxmin qilishlari mumkin. Masalan, so`zlar ketma-ketligini adashtirib, so`zlarda xatoga yo`l qo`yib yozish Alsgeymer (shuningdek, savodsizlik) kasalligi belgisi bo`lishi ehtimoldan xoli emas. Katta-katta harflar bilan yoza boshlab, keyin ularning maydalashib ketishi esa Parkinsonning ilk alomatlari bo`lishi mumkin. Albatta, aniq xulosani shifokor to`liq tekshiruvlar natijasiga qarab beradi.