AsosiyJamiyat

Toshkentda Xitoyning Nanking instituti filiali ochilishi mumkin

'Toshkentda Xitoyning Nanking instituti filiali ochilishi mumkin'ning rasmi

2019 yilning 25-27 yanvar kunlari Xitoyning Nanking politexnika institutining (Nanjing Polytechnic Institute) delegasiyasi, vise-prezident Chjan Syaojun boshchiligida Toshkent shahriga tashrif buyurdi.

Delegasiya tashrifining maqsadi – O`zbekiston va Xitoy o`rtasida oliy ta`lim sohasida aloqalar o`rnatish va o`zaro manfaatli hamkorlikni yo`lga qo`yishdir. Xususan, manfaatdor vazirliklar va idoralarda bir qator uchrashuvlar va muzokaralar o`tkazilib, kasb-hunar kollejlari faoliyati bilan tanishildi, Toshkent shahrida Nanking politexnika institutining filialini ochish imkoniyatlari batafsil ko`rib chiqildi.

O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi, «O`zstandart» agentligi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o`qitish Respublika markazi bilan muzokaralar o`tkazildi. Bunda Nanking politexnika instituti bilan qo`shma dastur, qo`shma fakultet hamda to`laqonli filial tashkil etish bo`yicha ishlarni boshlash yuzasidan kelishib olindi.

Nanking politexnika instituti O`zbekistondagi filialida darslarni ingliz va xitoy tilida o`tkazishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, O`zbekistonda o`qiydigan talabalarni Nanking politexnika institutiga o`qishga yuborish, 2+2, 1+3, 3+1 formatida talabalar o`qishini tashkil etish bo`yicha muzokaralar o`tkazildi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalarini Nanking politexnika institutida menejment, raqamli biznes, elektron tijorat yo`nalishlarida o`qitishga qiziqish bildirdi.

Tomonlar muloqotni davom ettirish va O`zbekiston delegasiyasini Xitoyga amaliy tashrif buyurishiga kelishib oldilar.

Ma`lumot uchun, Nanking politexnika instituti 1958 yilda tashkil etilgan bo`lib, Xitoy Xalq Respublikasi Jiangsu provinsiyasining poytaxti Nanking shahrida joylashgan. Bugungi kunda oliy o`quv yurtida 10 mingdan ziyod talaba 40 dan ziyod mutaxassislik bo`yicha taxsil oladi.

    Boshqa yangiliklar