2018 yil 28 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi rasmiy saytida advokatlar faoliyatiga tazyiq o`tkazish va qonunbuzilishi holatlari yuzasidan o`tkazilgan anonim so`rovnoma natijalari e`lon qilingan. Unda kasbiy faoliyati davomida advokatlarning huquqlari surishtiruv, tergov organlari hamda sudlar tomonidan muntazam buzilayotganligi haqida tahliliy ma`lumotlar bayon qilingan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati ma`lum qilgan xabarda so`rov natijalarining alohida e`tiborli tarafi shundaki, unda 3 ming 553 nafar advokat, ya`ni respublikada faoliyat yuritayotgan advokatlarning 91 foizi ishtirok etgan, deb qayd etilgan.
Shu bilan birga, xabarda davlatimizda advokatlarning maqomi va prosessual vakolatlarini kengaytirish, ularning daxlsizligini ishonchli ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida anonim so`rovnoma natijasida e`lon qilingan raqamlar jiddiy shubha uyg`otishi ta`kidlangan.
Masalan, o`tkazilgan anonim so`rovnoma natijalarida advokatlarga himoya ostidagi shaxs bilan uchrashishga to`sqinlik qilinishi holatlari surishtiruv jarayonida 461 tani, tergov davomida esa 328 tani tashkil etadi, deb ko`rsatilgan. Vaholanki, amaldagi qonunchilikka binoan, advokat surishtiruv yoki tergov jarayonida himoya ostidagi shaxs bilan jinoyat ishini yuritishga mas`ul bo`lgan davlat organlari va mansabdor shaxslarning ruxsatisiz, uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda holi uchrashishga haqli.
Shu nuqtai nazardan, O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining rasmiy ma`lumotlariga binoan, 2018 yilning o`zida tergov hibsxonalari va yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasalarida advokatlarning o`z himoyasi ostidagi shaxslar bilan uchrashuvlari soni 29 ming 766 tani tashkil etgan.
Shuningdek, anonim so`rovnoma natijalarida himoya ostidagi shaxslar bilan uchrashish uchun maxsus xonalar mavjud emasligi yuzasidan 597 advokat e`tirozi qayd etilgan bo`lsa-da, amalda respublikaning tergov hibsxonalari va yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasalarining har birida maxsus advokat xonalari (32 ta muassasada – 69 ta advokat xonasi) ajratilgan.
Shuningdek, har qanday tazyiq holatlarining oldini olish maqsadida tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarining barchasi videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan.
Ta`kidlash joizki, bugungi kunda advokatlarga o`z faoliyatlarini erkin va to`la amalga oshirishga to`sqinlik qilish, buzilgan huquqlari yoki sodir etilgan noqonuniy xatti-harakatlar yuzasidan tegishli tartibda murojaat qilish uchun barcha zarur imkoniyatlar yaratilgan.
Bu borada e`lon qilingan anonim so`rovnoma natijalarida tergov organlari xodimlari tomonidan advokatga nisbatan haqoratli, kamsitadigan munosabatda bo`lish holatlari 209 tani tashkil etadi, deb ko`rsatilgan bo`lsa-da, 2018 yilda respublika miqyosida prokuratura organlariga advokatlardan o`ziga nisbatan haqoratli va kamsituvchi munosabatda bo`linganligi holati yuzasidan 2 ta murojaat kelib tushgan va qonuniy tartibda ko`rib chiqilgan.
Shuningdek, anonim so`rovnomada ishtirok etgan advokatlar tomonidan advokatga nisbatan jismoniy ziyon keltirish to`g`risida tahdid qilishning 208 holati mavjud, deb qayd etilgan bo`lsa-da, 2018 yil davomida prokuratura va ichki ishlar organlariga bunday mazmundagi bironta ham rasmiy murojaat kelib tushmagan.
Ta`kidlash zarurki, ochiq va qonuniy murojaat mexanizmi mavjud sharoitda advokatlar tomonidan ularga nisbatan muntazam tazyiq va ta`qib bo`layotgani haqidagi e`tirozlarning anonim so`rov shaklida e`lon qilinishining o`zi kasbiy va axloqiy nuqtai nazardan maqsadga muvofiq emas.
Shu bilan birga mazkur so`rovnoma asosida bayon etilgan ma`lumotlar qonunni qo`llash amaliyotida mavjud vaziyatni tanqidiy baholash uchun jiddiy signal hisoblanadi.
Shu bois xabarda kasbiy faoliyatiga to`sqinlik qilinishi va tazyiq o`tkazilishi holatlariga bevosita duch kelgan advokatlar Bosh prokuraturaga murojaat qilishlari so`ralgan.
Advokatlarning bunday mazmundagi har bir murojaati shaxsan O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori nazoratida individual va shaffof tartibda ko`rib chiqilib, qonuniy baho berilishi qat`iy ta`minlanishi qayd etilgan.