Joriy yilning 7-17 fevral kunlari Indoneziyaning Jakarta shahridagi “Istiqlol” muzeyida, “O`zbekistonga sayohat” nomli fotoko`rgazma tashkil etiladi.
Fotoko`rgazma doirasida “O`zbekiston ulamolar yurti” nomli konferensiya ham bo`lib o`tadi.
Fotoko`rgazmada o`tgan yil davomida O`zbekistonga tashrif buyurgan indoneziyalik sayyohlar olgan fotosuratlar orqali saralangan 100 tasi namoyish etiladi. Ko`rgazmada universitet professorlari, talabalar va sayyohlarning shaxsiy foto arxividagi rasmlarni ham uchratish mumkin. Ushbu tadbirdan ko`zlangan asosiy maqsad O`zbekistonning sayyohlik salohiyatini Indoneziyada keng targ`ib etish, ikki davlat o`rtasida turizmini rivojlantirish, turizm sohasiga xorijiy investorlarni jalb etish va O`zbekistonni dunyodagi ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida namoyon etishdan iboratdir.
Eslatib o`tamiz, fotoko`rgazmada namoyish etiladigan fotosuratlar www.visituzbekistan.id sayti orqali ham e`lon qilinadi.
Tadbir Turizmini rivojlantirish davlat qo`mitasi hamda Indoneziyadagi O`zbekiston turizm elchisi professor Eko Shri Margianti hamda “Istiqlol” muzeyida ma`muriyati bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Shuningdek, foto ko`rgazmada tashrif buyuruvchilarga joriy yilning 21-23-fevral kunlari Buxoroda bo`lib o`tadigan Ziyorat-turizmi bo`yicha birinchi xalqaro forum haqida keng ma`lumot berib o`tish ham rejalashtirilgan.
Ma`lumot uchun: yurtimiz bo`ylab sayohat qilishga qiziqayotgan sayyohlar uchun aniq, sifatli hamda qiziqarli ma`lumot tayyorlab berish yo`lida O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan ko`plab chet el OAVlari, turizm sohasini yorituvchi bosma va internet nashrlari bilan yaqin hamkorlik loyihalari amalga oshirilib kelinmoqda.