AsosiyJamiyat

Umid Ahmadjonov: O`z manfaatlari yo`lida futbol rivojiga to`sqinlik qiladiganlar uchun oramizda joy yo`q

'Umid Ahmadjonov: O`z manfaatlari yo`lida futbol rivojiga to`sqinlik qiladiganlar uchun oramizda joy yo`q'ning rasmi

O`FA qoshidagi qo`mitalar va nihoyat Aziz Turg`unboev masalasini yopdi. Unga ko`ra, biryo`la 5 kishi futboldan ma`lum muddatlarga chetlashtirildi.

Bu mavzu yuzasidan O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti, O`FA birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonovning fikrlari.

“Aziz Turg`unboev masalasi o`z echimini topdi. Bu ishda bir emas, ikki qo`mita a`zolari mehnat qildi. Mojaroga aloqador deb gumon qilingan shaxslar birma-bir chaqirtirilib, so`roq qilindi. Bu esa gap nimada ekanini aniqlashga yordam berdi”, — deb gap boshladi Ahmadjonov.

— Qo`mita a`zolari ish olib borayotgan vaqtda ular bilan ko`rishdingiz. Ularga nimalar dedingiz?

— Ish boshlangan vaqtda hamma bilan uchrashdim. Gap-so`zlar, murojaatlar, fikrlar xilma-xil bo`layotgani, ularga e`tibor bermay, nizomlarda belgilab qo`yilgani bo`yicha adolatli qaror chiqarishlarini so`radim. Ya`ni, bu erda hech bir klubga yon bosish va kimnidir ayash shart emas edi. Har qanday holatda ham aybdorlar adolatli jazoga tortilsa, bu qolganlar uchun ham ogohlantiruvchi qo`ng`iroq bo`lardi.

— Bu erda futbolchiga berilgan jazo jiddiy emasmi? Milliy terma futbolchisining keyingi taqdiri haqida o`ylab ko`rildimi?

— Birinchidan, Aziz yosh bola emas. Kelajagi haqida avvalo o`zi o`ylashi shart. Ikkinchidan, u milliy terma a`zosi bo`ladimi yoki oddiy futbolchi — qonun-qoida hamma uchun bir. Uchinchidan, bunday holat mamlakat futbolida adashmasam birinchi bor bo`layotgani yo`q. Bungacha Ilhom Yunusov degan futbolchi ham ikki klub bilan shartnomaga imzo chekkani uchun 6 oyga chetlatilgan. Va to`rtinchidan, qanday bosim bo`lmasin, qanday ishontirishmasin, futbolchi o`z haqini talab qilishni o`rganishi kerak. Kimdandir qo`rqsa, mana O`FAga murojaat qilsin. Qaysidir futbolchining huquqlari poymol etilayotgan bo`lsa, uni himoya qilishga kuchimiz etadi.

— Ilhom Mo`minjonovning chetlatilishiga qanday qaraysiz?

— Men yanada jiddiyroq jazo berishlariga ham qarshi bo`lmasdim, aslida. Biroq komissiya shu qarorga kelgan bo`lsa, biz uni hurmat qilamiz. O`z klubi uchun borini berish o`rniga, uni talash, taron-taloj qilish haqida ko`proq o`ylaydigan kishilarga oramizda joy yo`q. U kim bo`lishidan qat`iy nazar, kimningdir tuzini eb, tuzlug`iga tupurishi kerak emas. Bu hali hammasi esam, O`FA inspeksiyasi boshqa masalalar yuzasidan ham tekshiruvlarni davom ettiradi. Agar kimdir totalizator yoki kelishilgan o`yinlarda ham ishtirok etgan bo`lsa, biryo`la butun umrga chetlashtirish masalasi ko`rib chiqiladi. Bu gap hammaga tegishli. Kim shunday ish qilgan, qachon qilgan, nimani istagan — ahamiyati yo`q, poezd ketib bo`ldi. Hamma qilmishiga yarasha jazosini olmasa, futbol shunday nopokliklar sabab tag-tomiridan chirib ketyapti. Ularni hoziroq to`xtatishimiz shart.

— Irismetov va Sarikov masalasida nima deysiz?

— Qo`mita ularni ham chetlashtirgan. Komissiya a`zolari buni izohlab berishdi. Masalan, har ikki klubni ham jarimaga tortish mumkin edi. Keyingi safar klublar o`z ishchilarini nazorat qilmasa, tiyib turmasa, ular ham jazodan chetda qolmaydi. Chunki har bir klub o`z xodimlari uchun javobgardir.

— Bu kabi ishlar bir-birining ketiga ulanib ketsa, ayni vaqtda futbolda faoliyat olib borayotgan bir qator nomlarga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkinmi?

— Bunisi endi bizni qiziqtirmaydi. Nafsi yo`lida futbol rivojini bir chetga surib qo`ygan odam xoh yulduz bo`lsin, xoh iqtidor egasi — birdek javob beradi. O`zbekiston iqtidorlarga to`la mamlakat, ularning o`rni bo`shab qolmaydi. Aslida mana shunday “bo`rilar”ning borligi sabab ham qator iqtidorlar oyoq ostida, e`tibordan chetda qolib ketyapti. Futbolni tozalashda davom etamiz, aybdorlarga shafqat qilinmaydi. Prezidentimizning o`zlari har sohada shunday siyosat olib boryaptilarmi, nega endi bu narsa futbolni chetlab o`tishi kerak? Futbol xalq uchun, biz ularni alday olmaymiz. Shu kabi ishlar girdobida qolgani uchun ham stadionlardan odamlarning qadami uzilgandi. Oson bo`lmaydi, sekin-sekinlik bilan muxlislarni qaytaramiz.

    Boshqa yangiliklar